17:39 / 26.02.2022
18790
“Kunduzi ishlab, kechalari kitob o‘qirdim” - To‘qqizinchi urinishda talaba bo‘lgan migrant yigit hikoyasi

Jizzaxlik Asadullo Mahkamov 9 yil deganda talabalar safiga qo‘shildi. U O‘zbekistondagi oliygohlarga kirolmagach, ishlash, oilasiga yordam berish uchun Rossiyaga jo‘nab ketgandi. Asadullo orzusidan voz kechmagani, muhojirlik hayotida ko‘rgan qiyinchiliklari haqida Kun.uz'ga hikoya qilib berdi.

Foto: KUN.UZ

“Aka-ukalarimning orzuci uchun ham yo‘l bo‘shatib berishim kerak edi”

— Bolaligimdan huquqshunoslikka qiziqardim. Shu sabab maktabni bitirib, huquqshunoslik yo‘nalishidagi kollejga kirdim. Keyin qo‘shimcha repetitorlarda tayyorlanib, Jizzax davlat pedagogika universitetining huquqshunoslik fakultetiga topshirdim. Omadim chopmadimi, o‘qishga kirolmadim. Qayta tayyorlanib, 2014 yili Toshkent davlat yuridik universitetiga hujjat topshirdim. Taqdir emas ekan, bu safar ham talaba bo‘lolmadim. “Shuncha tayyorlanib ham oliygohga kira olmadi” degan ta’nadan or qilib, ko‘zdan uzoqroq bo‘lish uchun biroz muddat uydan ham chiqmay qo‘ydim.

Chet eldagi tanishlarim o‘qimay turib ham O‘zbekistondagi o‘qiganlardan ko‘p topishayotganini aytishdi. Talaba-ku bo‘lolmadim, endi ota-onamga og‘irligim tushmasin deb Rossiyaga ketishga qaror qildim. Chunki oddiy dehqon oilasidan bo‘lganligim uchun dadam hammamizga birdek pul topib berishi qiyin edi. Aka-ukalarimning orzuci uchun ham yo‘l bo‘shatib berishim kerak edi. Shunday qilib, mas’uliyatni sezib, musofirchilikni bo‘ynimga oldim. Tushkunlikka tushib qolganim uchun ham ota-onam ketishimga ruxsat berdi.

“Safar yigit kishini tarbiyalaydi”

— 2014 yil avgust oyi oxirida Rossiyaga bordim. Kelishim bilan rasmiyatchilik boshlandi. Hujjatlarimni to‘g‘rilashimga bir oy vaqt ketdi. Keyin bir qurilish kompaniyasiga ishga kirdim. Ish haqi soatbay edi. Kompaniya turar-joyimizni qilib bergan, yeb-ichishimiz o‘zimiz amallardik.

Bu hayotimdagi ilk safarligi uchun boshida ancha qiyin bo‘lgan. Har kuni kiyimlarimni yuvib dazmollab beradigan, sal isitmam chiqsa, dori-darmon tutadigan oyim oldimda yo‘q edi. Hatto ovqat ololmay haftalab och qolgan vaqtlarimiz ham bo‘lgan. Shunday qilib sekin-asta hammasiga ko‘nikdik. Uy tozalash, ovqat tayyorlash kundalik ishlarimizning bir qismi bo‘ldi. Shunda safar yigit kishini tarbiyalashiga to‘liq amin bo‘ldim.

“Imtihon uchun 5 yil ketma-ket O‘zbekistonga kelib turganman”

— Rossiyaga ishlash uchun kelgan bo‘lsam ham, ich-ichimda yurist bo‘lish orzusi turardi. Qachon bo‘lsa ham baribir o‘qishga kiraman degan ishonch va qat’iyat bor edi. Shuning uchun hech qachon o‘zimning ustimda ishlashdan charchamadim. Kunduzi ishlab kechalari o‘zim bilan olib kelgan kitoblarimni qayta-qayta o‘qir, oynaga qarab savol-javob qilardim. Va 5 yil ketma-ket avgust arafasida o‘qishga topshirish uchun O‘zbekistonga borib turganman. Ammo bo‘lmadi.

Natijasiz urinishga hafsalam qolmagani uchun sakkizinchi yil hech qayerga hujjat topshirmadim. Endi oliy ma’lumotli bo‘lish fikridan qaytgandim.

To‘qqizinchi urinishda erishilgan talabalik

Asadulloning nihoyatga o‘qishga kirishi qanday kechgani haqida ukasi Abdullo aytib berdi.

— Akamning samarasiz urinishlarini ko‘rib, o‘qishga topshirib, vaqtimni boy berishni istamadim. Va 2021 yil maktabni bitirdim-u akam bilan ishlash uchun Rossiyaga keldim.

Biroq hali ikkimizda ham o‘qish istagi so‘nmagandi. Bir kuni internet orqali oliygohlarga hujjat topshirish reklamasini ko‘rib qoldik. Shu sabab bo‘ldi-yu baxtimizni sinab ko‘rish uchun qiziqishlarimizga mos universitetga ariza topshirdik. Akam Sank-Peterburg davlat universitetining yuridik fakultetiga, men Yadroviy energetika institutining issiqlik energiyasi fakultetiga sirtqi ta’lim uchun imtihon topshirdik. Baxtni qarangki, hozir aka-uka ikkimiz ham talabamiz.

“Bu yerda o‘zbekchilik yo‘q, yiqildimi, haydaladi”

Hikoyaning davomini yana Asadulloning o‘zidan eshitamiz.

— O‘qitish tizimi O‘zbekistondan deyarli farq qilmaydi. Sentyabrdan iyungacha 10 oy davom etadi. O‘quv yili 2 semestr bo‘yicha imtihon asosida baholanib boriladi. Kunduzgi ta’lim 4 yil, sirtqi ta’lim jarayonlari yilda ikki marta bir oydan 5 yil davom etadi.

Bu yerdagi ta’lim tizimining O‘zbekistondan farqli jihati shundaki, bu yerda davomat va forma muammolari yo‘q. Semestr oxirida bo‘ladigan imtihondan o‘ta olsa bo‘ldi. Imtihonlar haqqoniy bo‘ladi. Bu yerda o‘zbekchilik yo‘q, yiqildimi haydaladi. Shuning uchun hamma o‘zi uchun o‘qiydi.

Yaqin-yaqingacha boshqa mamlakatda o‘qib qaytgan mutaxassisning diplomi O‘zbekistonda tan olinishi ancha qiyin edi. Hozir diplom ishini qayta himoya qilib bemalol ishlasa bo‘ladi. Mana shuning o‘zi bizga katta imkoniyat berdi. Agar oliy ta’lim tizimdagi bu o‘zgarish bo‘lmaganida biz ham o‘qimas edik, ehtimol.

Migrantlar haqida

— Rossiyada ayniqsa o‘zbekistonlik migrantlar uchun juda ko‘p talab qo‘yiladi. Misol uchun, kelgan kuningizning o‘zidayoq turar joy ro‘yxatidan o‘tishingiz kerak. Keyin esa O‘FMS davlat xizmatlari organidan ro‘yxatdan o‘tiladi. Ro‘yxatdan o‘tishning ham yugur-yuguri va xarajatlari ko‘p.

Sankt-Peterburgda migrantlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi bitta. U yerda odam juda ko‘p bo‘ladi, ular asosan Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolarini tashkil qiladi. Qirg‘iziston, Qozog‘iston fuqarosiga ozgina bo‘lsa ham yengillik bor.Chunki ular bir marta yillik shartnoma qiladi va ulardan boshqa hujjat talab qilinmaydi. Bizda esa ham patent, ham soliq to‘lanadi. Har oy hujjatlarimizni yangilab borishimiz lozim bo‘ladi.

Boshqa davlatlardan farqli ravishda Rossiyada migrantlarga nisbatan tekshiruv kuchli. Ko‘cha-ko‘yda ham politsiya xodimlari to‘satdan to‘xtatib hujjat talab qilaveradi. Agar tekshirilayotgan paytda migrantning 3 oylik vaqtinchalik turar joy ro‘yxatidan o‘tgani haqidagi hujjat davlat xizmatlari bazasiga kiritilmagan bo‘lsa yoki arzimagan xatolik bo‘lsa ham kamida 6000 ming rubl – 841 560 so‘mgacha jarimaga tortiladi. Ba’zida uy egasi tomonidan ijarachiga asl nusxa deb berilgan hujjat ham ayrim texnik sabablarga ko‘ra bazaga kiritilmay qolsa ham migrant aybdor hisoblanadi.

“Menga ishim yoqadi, ammo…”

— Ishim qiyin emas, do‘kon rastalariga mahsulotlarni terib chiqaman. Ish vaqti mahsulotni qancha vaqtda joylashirib chiqishga bog‘liq. Qancha tez ishlasak, shuncha bo‘sh bo‘lamiz. Men 7dan 13gacha ishlayman. Kunning ikkinchi yarmida o‘qiyman. Haftada 2 kun dam olaman, 5 kun ishlayman. Oyiga 1000 dollar topaman. Oliy o‘quv yurti shartnomasi uchun yiliga 2000 dollar to‘layman.

Shuncha yil imtixonlarim muvaffaqiyatsiz bo‘lgan bo‘lsa ham umrim besamar ketmadi. Dadamga uyni ta’mirlashga yordam berdim. Ishim o‘zimga yoqadi. Biroq sog‘inch qiynaydi. Bizni ota-onamiz xar lahzada kutyapti. Ayniqsa onam menga kelin topib chaqirib olish xarakatiga tushgan. Ammo oliy ta’limni tamomlaganimizdan keyin ukam ikkalamiz O‘zbekistonga qaytib sohamiz bo‘yicha faoliyat olib bormoqchimiz.

Umida Sattorova suhbatlashdi.

Top