18:37 / 28.02.2022
19619

O‘zbekiston davlat qarzi 26 milliard dollardan oshdi

2021 yil davomida O‘zbekistonning davlat qarzi 2,9 mlrd dollarga oshib, YaIMga nisbatan 38 foizni tashkil etmoqda.

Foto: Getty Images

Moliya vazirligi hisobotiga ko‘ra, 2022 yilning 1 yanvar holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi 2,9 mlrd dollarga oshib, 26,3 mlrd dollarni (shundan, davlat tashqi qarzi – 23,6 mlrd dollar, davlat ichki qarzi – 2,7 mlrd dollar) yoki yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 38 foizni tashkil etmoqda.

Davlat qarzining YaIMga nisbatan ulushi 2021 yil boshida 39 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra 38 foizgacha pasaygan.

2021 yil davomida O‘zbekiston nomidan va kafolati ostida umumiy qiymati 4 mlrd 920,3 mln dollar miqdoridagi 33ta tashqi qarz bitimi imzolangan. Shundan:

·       budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun jalb qilingan davlat tashqi qarz bitimlari hajmi – 1,8 mlrd dollar;

·       sog‘liqni saqlash, aholini toza ichimlik suvi va kanalizatsiya bilan ta’minlash, chorvachilik, kimyo sanoatini rivojlantirish va boshqa loyihalarni moliyalashtirish uchun imzolangan tashqi qarz bitimlari hajmi – 2 mlrd 508,6 mln dollar;

·       O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida imzolangan tashqi qarz bitimlari – 611,7 mln dollar.

2021 yil davomida davlat tashqi qarzi qoldig‘i 2,5 mlrd dollarga, ichki qarzi qoldig‘i esa 464,1 mln dollarga oshgan.

2021 yil yakuni bo‘yicha jami davlat tashqi qarzining 25,2 foizi yoki 5,9 mlrd dollari davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga, 13,2 foizi yoki 3,1 mlrd dollari elektr-energetika sohasiga, 12,2 foizi yoki 2,9 mlrd dollar energetika sohasiga, 11 foizi yoki 2,6 mlrd dollar transport va transport infratuzilmasiga, 9,1 foizi yoki 2,1 mlrd dollar uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalariga yo‘naltirilgan mablag‘lar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan davlat tashqi qarzi qoldig‘ining asosiy qismi Osiyo taraqqiyot banki (5,2 mlrd dollar), Jahon banki (4,3 mlrd dollar) va Islom taraqqiyot banki (0,9 mlrd dollar) hissasiga to‘g‘ri kelgan.

O‘zbekiston davlat tashqi qarzi portfeli valuta tarkibining 71,9 foizi – AQSh dollari, 10,5 foizi – yapon iyenasi, 8,4 foizi – SDR (maxsus qarz olish huquqlari), 4,6 foizi – yevro, 1,8 foizi – so‘m, 2,8 foizini esa boshqa valutalardir.

Ma’lumot uchun, 2017 yilda O‘zbekiston davlat qarzi 11,5 mlrd dollarni (YaIMning 18, 7 foizi), 2018 yilda 14,9 mlrd dollarni (YaIMning 28, 3 foizi), 2019 yilda 17,8 mlrd dollarni (YaIMning 29, 7 foizi), 2020 yilda 23,4 mlrd dollarni (YaIMning 39 foizi), 2021 yilda 26,3 mlrd dollarni (YaIMning 38 foizi) tashkil qilgan.

Mavzuga oid
Top