21:41 / 28.02.2022
9912
Rishtondagi 700 yillik daraxtlar xavf ostida

Vodiy shaharlari qadimdan serdaraxt va soya-salqinligi bilan mashhur. Biroq keyingi yillarda viloyatlar va tuman markazlaridagi chinorlar ayovsiz kesilayotgani g‘oyat achinarli holat.

Foto: KUN.UZ

Farg‘onaning qadim maskanlaridan biri bo‘lgan Rishton tumani markazida aholi 7 asrdan buyon asrab, ardoqlab kelayotgan tut daraxtlari bor.

Ayni paytda bozor hududi ichida qolgan, 1340 yili ekilgan mazkur “bobokalon tutlar”ni aholi bundan uch yil oldin hokimiyat tomonidan kesib ketilishining oldini olgan edi. O‘shanda Kun.uz muxbirlari mazkur tutlar taqdiri haqida maqola tayyorlagandi.

Yetti yuz yildan beri yashab kelayotgan tut daraxtlarni asrab qolish uchun ularning tanasiga: “Qo‘qon kandagi”. 1340 yilda ekilgan. Daraxt tarixiy yodgorlik sifatida davlat muhofazasida”, degan lavhalar ilingan.

Foto: KUN.UZ

Afsuski, bugun Rishton tumanidan bir necha fuqaro aynan mana shu tutlar yana xavf ostida qolganini bildirib murojaat qildi.

Rishton Markaziy dehqon bozori hududidagi tarixiy obidaga aylangan tut daraxtlari yonida ikki qavatli savdo do‘koni qurilishi boshlanibdi. Ish boshlagan quruvchilar poydevorni kavlashi oqibatida tut daraxtlarining bir tomondagi tomirlari kesilgan. Aholi vakillari bergan ma’lumotga ko‘ra, tuman ekologlari kelib qurilish egasidan qurilish uchun qaror va boshqa hujjatlarini so‘rashganida ular hujjatlarni taqdim qila olishmagan.

Biz Rishton tuman ekologiya bo‘limi inspektori Sarvarbek Muqimov bilan bog‘landik.

“Haqiqatda biz bugun Rishton dehqon bozorida bo‘ldik. Tadbirkor bozor ichidagi tut daraxtlariga zarar yetadigan darajada yaqin joyda qurilish ishlarini boshlabdi. Tut daraxtlarining tomirlari shikastlangan.

Foto: KUN.UZ

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 43-sonli qaroriga asosan, daraxt yuz yoshdan oshgach, yodgorlik sifatida muhofazaga olinadi. Mazkur daraxtlar ham davlat muhofazasida. Qurilish qilayotgan tadbirkor menga qurilishning loyihalarini ko‘rsatdi. Men undan tuman hokimining qarori va ekologiya xulosasini so‘radim. Tadbirkor men talab qilgan hujjatlarni taqdim qilmadi”, – deydi Sarvarbek Muqimov.

Rishtonliklar agar savdo do‘koni qurilishi davom etsa, tarixiy yodgorlik bo‘lgan tutlar nobud bo‘lishidan xavotirda.

Darhaqiqat, tarix silsilalariga guvoh 700 yillik tut daraxtlari xavf ostida. Qarangki, tarix, ma’naviyat, madaniyatimizning bir bo‘lagi bo‘lgan daraxtlar nobud bo‘lish arafasida. Chet el safarlarida bo‘lganimizda mana shunday daraxtlar atrofiga gullar ekilib, chiroyli holatga keltirilganining guvohi bo‘lamiz. Rishtondagi “bobokalon tutlar” esa axlatlar ichida qolgan.

Umid qilamizki, tuman hokimligi, jamoatchilik, ekologlar mazkur daraxtlarni o‘z himoyasiga oladi.

Elmurod Ermatov,

Kun.uz muxbiri

Top