10:09 / 01.03.2022
8284

20 mingdan 200 ming AQSh dollarigacha: DXX hududlarda yer maydonlarini noqonuniy sotishga uringanlarni qo‘lga oldi

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida bir nechta viloyatda noqonuniy yer sotilishi holatlari oldi olindi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan prokuratura organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda viloyat qurilish bosh boshqarmasining Davlatobod tuman bo‘limi mutaxassisi tadbirkorga mansabdor tanishlari orqali mazkur tuman hududidan 2 gektar yer maydoni rasmiylashtirib berish hamda u yerga ko‘p qavatli uy va ishlab chiqarish obekti qurishga ruxsat olib berish evaziga, undan 200 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, Xizmatning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ham boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan birgalikda bir nechta tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Xususan, Milliy Gvardiyaning Samarqand viloyat qo‘riqlash boshqarmasi nazoratchisi muqaddam 2 marotaba sudlangan shaxs bilan o‘zaro til biriktirib, Samarqand tumanidagi o‘zganing nomida bo‘lgan fermer xo‘jaligining 6 gektar yer maydonini 157 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 100 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Bundan tashqari, Oqdaryo tumanidagi fermer xo‘jaligi rahbari mazkur xo‘jalik balansidagi 4,8 gektar yer maydonini 45 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 25 ming dollar olgan vaqtida, Urgut tumanidagi fermer xo‘jalik boshqaruvchisi esa 1 gektar yerni xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 20 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yashovchi, yakka tartibdagi tadbirkor o‘zining o‘g‘li nomida bo‘lgan fermer xo‘jaligining 7,4 gektar yer maydonini hokimiyat idoralaridagi mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, evaziga 84 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlangan.

Toshkent shahrida kuzatilgan holatda esa Bektemir tumanidagi bog‘dorchilik-uzumchilik shirkati a’zosi bo‘lgan fuqaro ushbu shirkat hududidagi 4 sotix yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 17.600 AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi dehqon xo‘jaligi rahbari mazkur xo‘jalik balansida bo‘lgan 40 sotix sug‘oriladigan yer maydonini kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 30 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida DXX va IJQK departamentining viloyat boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top