11:16 / 01.03.2022
31706

Sinoptiklar mart oyida ob-havo qanday bo‘lishi to‘g‘risida ma’lumot berdi

Mart oyi harorat ko‘tarilishi bilan boshlanadi. 1-4 mart kunlari havo harorati asta-sekin ko‘tariladi va 4 martga kelib harorat kunduzi 20-23 daraja issiqni tashkil etadi. 

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, shu kunlarda asosan quruq ob-havo kutilmoqda, faqat respublikaning ayrim hududlarida 1 martda kunduzi va 2 martga o‘tar kechasi biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

5 martdan boshlab ob-havo yomonlasha boshlaydi. Respublika bo‘yicha yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi, ba’zi joylarda kuchli shamol esishi va mart oyining birinchi o‘n kunligi uchun me’yorga yaqin qiymatlargacha havo harorati pasayishi mumkin.

Keyinchalik oy oxirigacha mart oyiga xos bo‘lgan beqaror ob-havo kutilmoqda. Bahorning birinchi oyi harorat keskin o‘zgarishi bilan tavsiflanadi, bunda tez isish davrlari keskin sovuq davrlar bilan almashadi, ba’zida qisqa muddatga yomg‘ir qorga aylanishi va kechasi harorat manfiy qiymatlargacha pasayishi bilan kuzatiladi.

So‘nggi 50 yil ichida 1972 yilning mart oyi eng sovuq bo‘lgan, mart oyining uchinchi o‘n kunligida harorat kechalari 10-15 daraja sovuqqacha pasaygan.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda mart oyi iliqlashdi. 2008, 2016, 2018 yillarning mart oyilari barcha kuzatuv yillari uchun eng iliq uchlikka kirdi. Mart oyining eng iliq kunlarida esa harorat 30-32 daraja issiqqacha, janubda ba’zi joylarda 35-37 daraja issiqqacha ko‘tarilgan.

O‘zbekistonda mart oyi yog‘ingarchilik miqdori bo‘yicha ham, yog‘ingarchilik kunlari soni bo‘yicha ham yilning eng yog‘ingarchilik ko‘p bo‘ladigan oyi deb hisoblanadi. Shimoliy hududlar va cho‘l zonasini hisobga olmaganda, mart oyida o‘rtacha 10 kundan 15 kungacha yog‘ingarchilik bo‘ladigan kunlar kuzatiladi.

So‘nggi 10 yil ichida, 2013 yil va 2014 yil mart oyida eng ko‘p yog‘ingarchilik kuzatilgan yillar hisoblanadi. Ushbu yillarda yomg‘ir qorga aylanishi birinchi o‘n kunlikda tez-tez kuzatilgan, vaqti-vaqti bilan kuchli bo‘lgan va ularning oylik miqdori bir yarim-ikki oylik me’yorgacha yetgan.

So‘nggi 25 yilda 1998 yilning mart oyi eng qorli bo‘lgan, bunda Toshkentda 9 kun davomida qor qoplami kuzatilgan, uning maksimal balandligi esa 22 santimetrni tashkil etgan.

Mavzuga oid
Top