19:19 / 02.03.2022
2468
Elchixonani Kiyevdan ko‘chirish masalasi ko‘rib chiqilmayapti - O‘zbekiston TIV rasmiysi

Hozirda diplomatik vakolatxona faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi mamlakat fuqarolarini xavfsiz evakuatsiya qilish hisoblanadi.

Tashqi ishlar vazirligi Ukrainadagi vaziyat tufayli O‘zbekiston elchixonasini boshqa shaharga ko‘chirish masalasi rejalashtirilmayotganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, fuqarolardan «Kiyevda elchixonalari bo‘lgan ko‘plab davlatlar o‘z idoralarini Lvov shahriga ko‘chirdi. O‘zbekiston ham shunday yo‘l tutishni rejalashtirganmi?», qabilida savol kelib tushgan. Bunga Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili quyidagicha javob bergan:

Ayni paytda bizning asosiy ustuvor vazifamiz Ukrainadagi mavjud og‘ir vaziyatni inobatga olgan holda barcha O‘zbekiston fuqarolarini xavfsiz evakuatsiya qilishni ta’minlashdir. Elchixonaning boshqa hududga ko‘chirilishi bu jarayonlar samaradorligini sezilarli darajada pasaytiradi. Shu nuqtai nazardan hozirda elchixonamizni Kiyevdan ko‘chirish masalasi ko‘rib chiqilmayapti.

Bundan avvalroq 2 mart tongiga qadar Ukrainadan Polsha orqali O‘zbekistonga 1186 kishi yetkazilgani xabar qilingandi. Hozirda Polshada O‘zbekistonning 800 nafardan ortiq fuqarolari bo‘lib turibdi. 

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top