07:41 / 02.03.2022
2939
OTMlar kuzatuv kengashining asosiy vazifalari ma’lum bo‘ldi

Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasasining kuzatuv (vasiylik) kengashi to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab moliyaviy mustaqillik berilgan 35 ta davlat oliy ta’lim muassasalarida vasiylik kengashlari tugatilgan hamda tarkibining kamida 70 foizi tegishli vazirlik, idoralar, kadrlar buyurtmachilari, jamoatchilik vakillari va homiylardan iborat bo‘lgan yuridik shaxs maqomisiz oliy ta’lim muassasalarining kuzatuv kengashlari tashkil etilgan.

Kengash O‘zbekistonning har bir oliy ta’lim muassasasida (filialida) tashkil etiladi. Kengash yuridik shaxs hisoblanmaydi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi. Kengash o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi. Kengash oliy ta’lim muassasasini samarali boshqarishda strategik organ hisoblanadi.

Kengash tarkibiga Oliy Majlis palatalarining a’zolari, xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatlari, vazirlik va idoralarning, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, ilmiy doira va ommaviy axborot vositalari vakillari, jamoatchilik vakillari, homiylar, shuningdek oliy ta’lim muassasasi faoliyatini takomillashtirish va rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan boshqa yuridik (jumladan, kadrlar buyurtmachilari) va jismoniy shaxslar kirishi mumkin.

Ta’lim jarayonida ijtimoiy sheriklik tamoyillarini samarali amalga oshirish, ta’lim sifatini yaxshilash, oliy ta’lim muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ta’lim jarayonini takomillashtirish kengashning asosiy maqsadlari hisoblanadi.

Quyidagi masalalarni muvofiqlashtirish kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:

  • oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika, o‘quv-metodik bazasini mustahkamlash, ijtimoiy va maishiy infratuzilmasini yaxshilash, binolardan foydalanish va hududlarini obodonlashtirish;
  • bakalavrlar va magistrlar tayyorlash sifatini hamda ilmiy-tadqiqotlar samaradorligini baholash ishlarini tashkil etish;
  • ta’lim jarayoni sifati va natijadorligini oshirish, kelgusida mehnat bozori rivojlanishini hisobga olgan holda mutaxassislar va ilmiy-texnika kadrlarini tayyorlashning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash;
  • mutaxassislar tayyorlash sifatiga ko‘maklashadigan istiqbolli dasturlarni realizatsiya qilish;
  • oliy ta’lim muassasasida ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini rivojlantirish, fundamental (amaliy) ilmiy-texnika ishlanmalarini amalga oshirish, o‘quv va ilmiy jarayonlarni oqilona integratsiyalash;
  • oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarining mehnat sharoitlarini yaxshilash hamda ularning malaka oshirish va qayta tayyorlashdan o‘tishlarini tashkil etish;
  • oliy ta’lim muassasalari faoliyatining izchil rivojlantirilishini ta’minlash uchun homiylik ehsonlarini, texnikaviy ko‘maklashish (grantlar) mablag‘larini va boshqa budjetdan tashqari mablag‘larni jalb etish;
  • eng avvalo, yetim bolalar jumlasidan bo‘lgan talabalarni ijtimoiy himoyalashni ta’minlash, iqtidorli talabalarga stipendiyalar va grantlar ajratish;
  • iqtidorli talabalarni yetakchi xorijiy ta’lim muassasalariga o‘qishga, tajriba orttirishga yuborish bo‘yicha takliflarni shakllantirish, ular uchun maxsus stipendiyalar ta’sis etish;
  • oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, katta ilmiy xodimlari – izlanuvchilari va talabalari uchun xalqaro tajriba almashuvlarni tashkil etish borasida ko‘maklashish;
  • oliy ta’lim muassasasining boshqa oliy ta’lim muassasalari bilan integratsiyasini kuchaytirish va o‘quv adabiyotlari (boshqa oliy ta’lim muassasasi tomonidan nashr etilgan darslik va o‘quv qo‘llanmalar) bilan ta’minlanishida ko‘maklashish.
Top