17:27 / 02.03.2022
15598
Rossiyaning 7ta banki SWIFT tizimidan uzildi

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning 7ta bankini SWIFT xalqaro tranzaksiyalar tizimidan foydalanishini bloklab qo‘ydi. Shuningdek, Rossiya hududiga naqd yevro banknotlarini kiritish taqiqlandi.

Tolga Akmen / AFP / Getty Images

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga javoban navbatdagi sanksiyalarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, bugundan boshlab Rossiyaning 7ta banki moliyaviy operatsiyalar bo‘yicha xalqaro tizim – SWIFT'dan uzib qo‘yildi. Ro‘yxatda mamlakatning aktivlari hisobi bo‘yicha ikkinchi eng yirik banki – VTB hamda yana bir yirik bank – VEB.RF ham bor. Shuningdek, “Rossiya”, “Otkrytiye”, Novikombank, Promsvyazbank va Sovkombank kabi uncha yirik bo‘lmagan banklar ham xalqaro moliyaviy tranzaksiyalar uchun SWIFT'dan foydalana olmaydigan bo‘ldi.

Yevroittifoq, shuningdek, naqd yevro banknotlarini Rossiyaga sotish va Rossiya hududiga yetkazib berishni taqiqladi. Yevropa hududida Rossiya To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi bilan ishtirokidagi loyihalarda ishtirok etish ham man etilmoqda.

SWIFT (Society for Worldwide Interbank Financial Telecommunication) – banklararo ma’lumot almashish va to‘lovlarni amalga oshirish tizimi bo‘lib, unga dunyoning deyarli barcha mamlakatlaridagi 11 mingdan ortiq yirik tashkilotlar ulangan.

Ushbu tizim butun dunyo bo‘ylab moliya institutlariga operatsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni xavfsiz, standartlashtirilgan va ishonchli tarzda yuborish va qabul qilish imkonini beradi. SWIFT orqali kuniga o‘rtacha 42 mln ma’lumot almashiladi va global miqyosdagi to‘lovlarning yarmiga yaqini ushbu platforma orqali amalga oshirilgan.

Rossiyada SWIFT'ning muqobili sifatida SPFS tizimi bor. Undan asosan rus banklari ichki o‘tkazmalarda foydalanib kelishadi.

Rossiya Milliy SWIFT assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning 300 ga yaqin yetakchi bank va tashkilotlari ma’lumot almashishda aynan ushbu tizimni ishlatishadi va platformadan foydalanuvchilar soni bo‘yicha dunyoda AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turishadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, SWIFT’da yuboriluvchi xabarlar soni bo‘yicha Rossiya dunyoda 6-o‘rinda turadi. Rossiyaning yillik o‘tkazma hajmi 800 mlrd dollarga yetishi mumkin. Bu – mamlakat yalpi ichki mahsulotining yarmidan biroz ko‘p.

Mazkur xalqaro tizimdan foydalanish cheklovi Rossiyaning asosiy banklaridan hisoblanmish Sberbank va Gazprombankka taalluqli emas. WSJ'ning qayd etishicha, YeIning qator a’zolari Rossiya bilan muhim moliyaviy operatsiyalar uchun, xususan import qilinadigan energoresurslar to‘lovini amalga oshirish uchun mamlakatning barcha asosiy banklarini SWIFT'dan uzib qo‘yishga qarshiligini bildirgan.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top