10:15 / 03.03.2022
26719

Abramovich «Chelsi»ni sotib, urushdan jabrlanganlarga xayriya qilishini e’lon qildi

Abramovich «Chelsi»ni sotishini e’lon qildi. YeChLning amaldagi g‘olibiga 4 milliard yevro narx qo‘yilgan.

Foto: Reuters

Rossiyalik biznesmen Roman Abramovich o‘ziga tegishli bo‘lgan britan futbol klubi «Chelsi»ni sotishga qaror qildi.

Biznesmen klub sotuvidan tushgan pullar xayriya fondiga o‘tkazilishi va Ukrainadagi urushdan jabr ko‘rganlarga yordam uchun ajratilishini ma’lum qilgan.

«Bu men uchun hech qachon biznes bo‘lmagan. Shunchaki bu o‘yinni va jamoani yaxshi ko‘raman. Klubning sotilishidan tushgan pullar maxsus fondga o‘tkaziladi. Fond Ukrainadagi urushdan jabr ko‘rganlarga xayriya qilish uchun sarflanadi. Fonddagi pullar kechiktirib bo‘lmaydigan narsalar sotib olishga, shuningdek, [Ukrainani] tiklash jarayoniga sarflanadi.

Bu qarorni qabul qilish oson bo‘lmadi. Klubdan bu tarzda ketish juda qiyin bo‘lyapti. «Stemford Brij»ga oxirgi marta borib, barchangiz bilan xayrlashishga umid qilaman. Birgalikda qo‘lga kiritgan g‘alabalarimizdan faxrlanaman. «Chelsi» va muxlislari doim yuragimda qoladi. Hammangizga rahmat. Roman», deb yakunlagan Abramovich bayonotini.

OAVda xabar qilinganidek, Abramovich Rossiyaning Ukrainaga bosqini tufayli Buyuk Britaniyadagi aktivlari sanksiya ostiga tushishi mumkinligi uchun ularni sotishga kirishgan.

24 fevral kuni Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Rossiya banklari va amaldorlariga qat’iy sanksiyalar haqida e’lon qilgan, shuningdek, yuzdan ortiq shaxslar va kompaniyalar aktivlari muzlatilishi mumkinligini aytgandi.

Bundan tashqari, Jonson badavlat rossiyaliklar o‘z boyligini qanday topgani bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazishni va’da qilgandi. «Oligarxlar hech qayerga yashirina olmaydi», degandi u.

Roman Abramovich 2003 yilda «Chelsi»ni angliyalik Kena Beytsdan 140 million funt evaziga sotib olgandi va uni rivojlantirish uchun 1,5 milliard funtdan ortiq mablag‘ sarflagan.

Bu davr mobaynida «Chelsi» to‘rt karra Angliya chempioni bo‘ldi, Chempionlar ligasi va Yevropa ligasida ikki martadan g‘olib chiqdi, besh bor Angliya Kubogida, uch marta Angliya Ligasi Kubogida hamda ikki marta Angliya Superkubogida bosh sovrinni o‘ziniki qildi.

2021 yil avgustida londonliklar UYeFA Superkubogini qo‘lga kiritgan, bir oy muqaddam klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida zafar quchgan. Shu tariqa, Abramovich rahbarligida «Chelsi» qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan barcha yutuqlarga erishgan.

«Chelsi» uchun murakkab hafta

  • 24 fevral: Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga harbiy bosqin boshladi.
  • 25 fevral: deputat Kris Brayant (Leyboristlar partiyasidan) Roman Abramovichni «Chelsi»ga egalik qilish huquqidan mahrum etish va uning aktivlarini xatlashni taklif qilib,  buni uning korrupsion jinoyatlarga aloqador bo‘lishi mumkinligi bilan izohladi.
  • 26 fevral: Abramovich «Chelsi» ustidan nazoratni klub nomidagi xayriya fond vasiylariga topshirganini e’lon qildi.
  • 27 fevral: Vasiylar kengashi a’zolari klubni qonuniy ravishda boshqarishlari dargumon ekani borasida xavotirlarini bildirishdi.
  • 28 fevral: Ukraina Abramovichga murojaat qilib, Rossi bilan «tinchlik kelishuvi»ga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yordam so‘radi.
  • 2 mart: Shveytsariyalik milliarder Hansyorg Viss unga «Chelsi»ni Abramovichdan sotib olishni taklif qilishganini aytdi.
  • 2 mart: Abramovich klubni sotmoqchiligi haqida e’lon qildi.

Oldinroq Roman Abramovich Ukraina va Rossiya o‘rtasida tinchlik kelishuvi bo‘lishi uchun o‘rtada vositachilik qilishga tayyorligi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top