15:21 / 03.03.2022
3899
Andijon va Toshkent viloyatlarida noqonuniy dori vositalari hamda biologik faol qo‘shimchalar aniqlandi
Foto: Prokuratura departamenti

Andijon va Toshkent viloyatlarida sifati kafolatlanmagan dori vositalari hamda biologik faol qo‘shimchalarni noqonuniy yo‘llar bilan olib kirayotgan shaxslar qo‘lga olingan. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Andijon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro A.X.ga tegishli bo‘lgan “Cobalt” rusumli avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganida avtotransport vositasining o‘rindig‘idagi 2 dona qizg‘ish tusli polietilen qoplarda xorijda ishlab chiqarilgan umumiy qiymati 318 355 000 so‘mlik 1598 dona “Tropikamid”, 2296 dona “Lirika”, 337 dona “Repagen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari mavjud ekanligi aniqlangan.

Shuningdek, yana bir holatda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postiga piyoda kirib kelgan fuqarolar P.U. va I.M.larning qo‘l yuklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, yuklar orasida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan, umumiy qiymati 52 500 000 so‘mlik biologik faol qo‘shimchalar borligi aniqlangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda. 

Top