16:01 / 03.03.2022
9542
«Andijonquduqta’mirlash» jamiyati – 70 yillik tajriba bilan ishga zamonaviy yondashuv

“Andijonquduqta’mirlash” jamiyati 1952 yilda Andijon viloyati Marhamat tumani Polvontosh shaharchasida tashkil etilgan. 

“Andijonquduqta’mirlash” jamiyati 1952 yilda Marhamat tumani Polvontosh shaharchasida tashkil etilgan. 70 yillik tajribaga ega bo‘lgan korxona 20 million AQSh dollar miqdorida investitsiya kiritgan yangi ta’sischi bilan Farg‘ona vodiysi, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi mavjud neft va gaz konlarida quduqlarni to‘la va joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirib kelmoqda.

Korxona tug‘ilgan kunida respublika yetakchi jurnalist va blogerlari, jamoatchilik vakillari uchun press-tur tashkil qildi. Tadbir ishtirokchilari “Andijonquduqta’mirlash” MChJ faoliyati bilan ish jarayonlarida bevosita ishtirok etib, yaqindan tanishdi.

O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 9 iyuldagi PQ-4388-son qaroriga asosan “O‘zbekneftgaz” milliy holding kompaniyasi tasarrufiga kiruvchi servis tashkilotlar ustav kapitalidagi ulushlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazildi.

2020 yil 1 oktyabrda jamiyat ustav kapitalidagi davlat ulushlari investor Davron Sulaymonov tomonidan sotib olindi. Jamiyatning ishlab chiqarish-iqtisodiy faoliyatini yaxshilash maqsadida zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Korxona moddiy texnika bazasini qayta modernizatsiya qilish maqsadida investor tomonidan kiritilgan katta sarmoya hisobiga maxsus texnika, to‘la va joriy ta’mirlash jarayonida zarur bo‘ladigan zamonaviy asbob-uskunalar, jihozlar, jumladan burg‘ilash quvurlari sotib olindi.

“Ish boshlaganimizdan buyon korxonaga 20 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritdik. Ikkita brigada bilan faoliyat yuritayotgan jamiyatda mana hozir 12 ta brigada shakllandi. Ishchi-xodimlar soni 132 nafardan 560 nafarga yetdi. Xitoy va Rossiyadan zamon talabidagi quduqlarni kapital-ta’mirlash stanoklarini olib keldik.

Ayni paytda “Andijonquduqta’mirlash” jamiyati burg‘ilash va ta’mirlash sohasida 30 ga yaqin zamonaviy maxsus texnikaga, 20 dan ortiq ta’mirlash uskunalariga ega. Ishchi-xodimlarning vaxta rejimida ishlashi uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan”, deydi Davron Sulaymonov.

Korxonaning bugungi kundagi salohiyati hamda neft va gaz sohasidagi ko‘p yillik tajribasiga asoslanib, brigadalarning moddiy-texnika bazasi zamon talabi darajasidagi asbob-uskuna va jihozlar bilan to‘ldirilgan.

Korxona “O‘zbekneftgaz” AJ tarkibiga kiruvchi “Vodiy neft va gaz qazib chiqarish” va “Muborak neft va gaz qazib chiqarish” boshqarmasi, “ANDIJANPETRO” MChJ qo‘shma korxonasi, “SANOAT ENERGETIKA GURUHI” MChJ” xorijiy korxonasi bilan hamkorlikda ish olib bormoqda va konlarda quduqlarni joriy hamda to‘la ta’mirlash ishlari bilan bir qatorda, yollanma 2-o‘zanni telemetriya xamda telemetriyasiz burg‘ilash, qidiruv-burg‘ilash ishlarini olib borishni ham yo‘lga qo‘ydi.

“Faoliyat boshlaganimizdan beri Muborak hududida 23 ta quduqni kavlab fondga qaytargan bo‘lsak, vodiy hududida 86 ta quduq ishi qayta tiklandi”, deydi Davron Sulaymonov. 

“O‘zbekneftgaz“ AJ “Andijonquduqta’mirlash” MChJ bilan neft-gaz konlari quduqlarini ta’mirlash hajmlarini kengaytirish va boshqa masalalar bo‘yicha hamkorlik ishlarini yo‘lga qo‘ygan hamda bugungi kunda samarali natijalarga erishmoqda.

“Maqsadimiz - O‘zbekiston iqtisodiyotida yetakchi o‘rinni egallab kelayotgan neft-gaz sanoatini rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shish”, deydi “Andijonquduqta’mirlash” jamiyati ta’sischisi Davron Sulaymonov

OAV vakillari “Andijonquduqta’mirlash” AJ mutaxassislari tomonidan kapital ta’mirlash ishlari olib borilayotgan “O‘zbekneftgaz” AJning “Vodiy neft va gaz qazib chiqarish” boshqarmasiga qarashli ikkita quduqda bo‘ldi.

“Chaqar” konining 4-sonli qudug‘ida kapital ta’mirlash ishlari olib borilgan. Ushbu quduqning 2070–2143 metr oraliqlaridagi (ochiq o‘zanda) qatlamdan kelgan qumdan (qum tiqinidan) tozalanib, quduqqa filtr tushirildi. O‘zlashtirish natijasida quduqdan kunlik 150 ming kub metr sanoat miqyosida tabiiy gaz va 8 tonna gaz kondensati qazib chiqarilishiga erishildi.

Press tur yakunida 70 yillik yubileyini nishonlayotgan korxona tomonidan tantanali tadbir uyushtirilib, faxriy xodimlarga e’tibor ko‘rsatildi.

Elmurod Ermatov va Azizbek Ismoilov tayyorladi

Top