18:13 / 03.03.2022
15148
“Kapalak effekti”: jahon bozorida ayrim mahsulotlar narxi bir hafta ichida rekord darajaga yetdi

24 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainada “maxsus operatsiya” boshlash to‘g‘risida buyruq berganidan so‘ng YeI davlatlari, AQSh, Janubiy Koreya, Yaponiya hamda boshqa mamlakatlar Rossiyaga nisbatan keskin sanksiyalar joriy etdi. Bu esa jahon bozoridagi narxlarga o‘z ta’sirini o‘tkazdi.

Foto: AP

3 mart kuni Niderlandiyaning TTF habida ming kub metr gazning aprel oyi uchun fyuchers narxi 2279 dollarga yetdi. Avvalgi rekord o‘tgan yil dekabrda qayd etilgandi – 2190 dollar. Ayni vaqtga kelib narx 1777 dollarga tushgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Bolgariya, Chexiya, Estoniya, Latviya, Vengriya, Avstriya, Ruminiya, Slovakiya, Sloveniya va Finlandiya 75-100 foiz, Germaniya, Shvetsiya va Polsha 50-75 foiz tabiiy gazni Rossiyadan import qiladi.

Ukrainadagi to‘qnashuvlar va sanksiyalar fonida neft narxi ham ko‘tarilib ketdi. Brent rusumidagi neftning bir barreli narxi 119,15 dollarni tashkil etdi va keyinroq 118,49 dollarga tushdi. Brent narxi oxirgi marta 2012 yilda 119 dollardan oshgandi.

2 mart kuni Yevropada ko‘mir narxi mutlaq rekordni qayd etdi – narx 32 foizga ko‘tarilib, bir tonnasi 400 dollarga yaqinlashdi.

Bug‘doy narxi oxirgi 14 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichni tashkil etdi - bir tonnasi 370-375 dollar. Qayd etilishicha, bunga "Ukrainaning Qora dengiz portlaridan bug‘doy yetkazishning to‘xtatilishi sabab bo‘lgan”. Butun dunyodagi bug‘doy sotuvi hajmining qariyb uchdan biri (29 foiz) Rossiya va Ukraina hissasiga to‘g‘ri keladi.

Alyuminiy narxi ham o‘sib bormoqda. Fevralda ushbu metall 13,1 foizga qimmatlagan bo‘lsa, bahorning dastlabki ikki kunida yana 5,2 foizga oshgan. 2 mart kuni bir tonna alyuminiy narxi 3,5 ming dollarga yetib, tarixiy maksimum qayd etildi.

Bundan tashqari, oxirgi ikki kun ichida nikel narxi 2,3 foizga, palladiy narxi 6,7 foizga oshdi. Ma’lumot berilishicha, dunyo bo‘yicha ishlab chiqariladigan palladiyning 40 foizdan ortig‘i Rossiyaning «Norilskiy nikel» kompaniyasi hissasiga to‘g‘ri keladi.

P.S. Kapalak effekti — bir voqeaning ulkan va oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarga (jumladan, mutlaqo boshqa joylarda) olib kelishi. 

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top