17:09 / 03.03.2022
15244
Omborxonami yoki turar joy? Chilonzordagi nizo hamon davom etmoqda

Chilonzor tumanida omborxona va ofis qurilishini loyihalashtirish uchun ruxsat olgan kompaniya, mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, ko‘p qavatli turar joy qurayotgan bo‘lishi mumkin. Aholi va tadbirkor o‘rtasidagi nizo salkam ikki yildan buyon davom etmoqda.

Kun.uz 2020 yil kuzida Toshkent shahri Chilonzor tumani, 2-Charx Kamolon mahallasidagi noqonuniy qurilish ehtimoli haqida lavha tayyorlagandi. Taassufki, oradan shuncha vaqt o‘tsa ham mojaro nafaqat barham topmagan, balki yanada avj olgan.

Tadbirkor, ya’ni “Baliq savdo” MChJ Chilonzor 11-mavze KXAY 21b-uyda joylashgan omborxonasi buzilishi evaziga 2-Charx Kamolon mahallasi 144–148-uylar orasida joylashgan 6 sotixli yer Toshkent shahar hokimi imzolagan qaror bilan ularga ajratib berilganini iddao qilmoqda.

Aholi vakillari esa buzilgan deb aytilgan joyga borib kelishgani, u yerda “Baliq savdo” MChJga tegishli mulk buzilmagani, faqatgina “naves”i olib tashlangani, shuning evaziga ko‘p qavatli uylar orasidagi tor joydan 6 sotix yer ajratilgani g‘alati ekanini aytishmoqda.

Shahar bosh arxitektori imzosi bilan esa MChJ taqdim etgan loyiha asosida daraxtlarni saqlash, turar joylar orasidagi masofalarni inobatga olish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini hisobga olgan holda omborxona va ofis (!) qurilishi uchun loyiha ishlarini davom ettirishgagina (!) xulosa berilgan.

Xuddi shunday xulosa Ekologiya boshqarmasi tomonidan ham berilgan, ya’ni o‘simlik dunyosiga zarar yetkazilsa, xulosa bekor bo‘ladi.

MChJda barcha tashkilotlar xulosalari bor, faqat o‘sha xulosalar qurilish uchun emas, balki loyihalashni davom ettirish uchun. Shuningdek, MChJ tashkilotlarga so‘rovni ofis va omborxona qurilishi uchun deb taqdim etyapti.

Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi rahbari Farhod Dehqonovning imzosi bilan yo‘llangan hujjatda shu joydagi 30 ta daraxtni saqlab qolish sharti bilan ofis va omborxona qurilishiga e’tiroz bildirmagan. Elektr, gaz va suv ta’minotiga mas’ul bo‘lgan tashkilotlarning xulosalarida mavjud qurilish atrofdagi uylar ta’minoti va infratuzilmasiga yuklama bermaydi, deyilgan. SSV bergan hujjatda hududdagi poliklinika va rentgen binosiga keluvchilarga xalaqit qilmaydigan darajada qurilishga qarshilik bildirilmasligi bayon qilingan.

Aholi esa bu yer shundoq ham tirband bo‘lib ketganini, yana bir bino qurilsa, avtoturargoh masalasi, odamlar, nogironlar va avtomobillar uchun kirish-chiqish juda ham qiyin bo‘lishini aytyapti. Darhaqiqat, ularning gaplarida jon bor. Biz joyiga chiqib o‘rganganimizda, haqiqatan ham binolar zich joylashib, harakat uchun noqulaylik tug‘ilishiga guvoh bo‘ldik.

Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi 2021 yil 22 fevraldagi bayonnomasi bilan “Baliq savdo” MChJga Arxitektura va shaharsozlik kengashining 2020 yil 17 avgustdagi xulosasini bekor qilish zarur degan xulosa bergan.

Qarorda mazkur loyiha qator qonun normalariga zid ekani aytiladi. Xususan:

— ShNK 2.07.01.03 – Shaharsozlik shahar va qishloq aholi punktlari hududlarini rivojlantirish va qurilishni rejalashtirish norma qoidalarida mavjud mavzelarning ko‘p xonadonli binolari oralig‘ida maxsus bino va inshootlardan (sport maydonchalari, bolalar o‘yin maydonchalari, kiyim-kechak quritish maydonchalari, avtomobillarning vaqtinchalik to‘xtash joylari) tashqari har qanday boshqa maqsadli obektlarni joylashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘rsatib o‘tilgani;

— “ToshkentboshplanLITI” DUKning 2020 yil 23 dekabrdagi NPO-2022 sonli xulosasida, Chilonzor tumani, 2-Charx Kamolon mahallasi hududidagi, 144- va 148-uylar oralig‘ida ofis va omborxona binolarini joylashtirishda Sanitariya norma va qoidalarida belgilab qo‘yilgan talablar buzilayotgani;

— O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining 2020 yil 9 noyabrdagi 20-8/159 sonli murojaatida, davolash profilaktika muassasalarini loyihalash, qurish va ulardan foydalanishning sanitariya qoidalari va me’yorlari talablariga ko‘ra, davolash-profilaktika muassasalarining aholi turar joy punktlarida joylashtirilishda, turar joy binolaridan 30-50 metr masofada joylashtirilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilganligi va O‘zbekiston Respublikasi aholi yashash joylarining atmosfera havosini muhofaza qilishning sanitariya qoidalari va me’yorlari muvofiq, omborxona binolari aholi turar joy binolaridan 50 metrdan kam bo‘lmagan masofada joylashtirilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Fuqarolarning mazkur masala yuzasidan qilgan murojaatiga asosan, Qurilish vazirligi tomonidan 2020 yil 24 dekabrda Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasiga “Baliq savdo” MChJ tomonidan qurilishi rejalashtirilayotgan binoning qurilish ishlarini to‘xtatish, hamda eskiz loyihasi uchun berilgan “Loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha arxitektura va shaharsozlik kengashining 2020 yil 17 avgustdagi 31-1753/A-sonli xulosasi”ni bekor qilish va loyiha hujjatlarni o‘rnatilgan tartibda qayta ko‘rib chiqish vazifasi 13-13/10432 sonli topshiriq xatida qo‘yilgan.

“ToshkentboshplanLITI” va SSV ham mazkur hududda bino qurish maqsadga muvofiq emas deb topgan. Lekin tadbirkorlarning qo‘lida ham ruxsat etuvchi hujjatlar, xususan sud qarorlari bor. Aholining qo‘lida esa ruxsatlar va xulosalar bekor qilingani haqida hujjatlar bor.

Qurilish hududi ijtimoiy obektlardan 30-50 metr masofada bo‘lishi lozimligi tegishli me’yoriy hujjatlarda belgilab qo‘yilgan. Ammo joriy loyiha hech qanaqasiga bunga to‘g‘ri kelmaydi, ya’ni qurilajak bino boshqa binolarga juda yaqin. Tadbirkorlar biz bilan suhbatda bu yerda 7 qavatli ofis binosi bo‘lishini aytishdi, aholi vakillari esa bunga ishonmayapti: ular 7 qavatli bino toifasi keyinchalik turar joy deb o‘zgartirilishini aytishmoqda. Qolaversa, shunday tor-tanqis joyda, katta ko‘chadan ichkarida, turar joy binolari orasida 7 qavatli ofis qurilishi biroz mantiqqa zid emasmi?

Tadbirkorning aytishicha, shu paytgacha mojaro yuzasidan 2 marta sud bo‘lib o‘tgan va har safar ularning foydasiga qaror chiqargan.

Mana shunday holat. Biz hammani eshitishga harakat qildik. Tadbirkor bu yerga haqliman, mulkimni buzishgani evaziga joyni olganman desa, aholi vakillari mulki buzilmagan, deydi. Tadbirkor hujjatlarida omborxona va ofis qurilishi haqida gap boradi. Ammo aholi omborxona yoki ofis emas, 7 qavatli uy qurilmoqda, degan xavotirda.

Xullas, aholi noroziligiga uchrayotgan bu kabi qurilishlar poytaxtda shu qadar ko‘pki, ularning har birini yoritishga tahririyatlarning kuchi yetmaydi. Bu kabi nizolarda hamshaharlarimizga sabr va kuch-quvvat tilab qolamiz.

Aholi va tadbirkorni bir-biriga qarshi qilib qo‘yib, vaziyatni chetdan tomosha qilib o‘tirishga o‘rgangan hokimlik bu keysda ham “o‘z uslubi”da qolmoqda. Shahar ichida bu kabi nizolar orsa ortyaptiki kamaygani yo‘q. Nahotki vaziyat shunday davom etaversa..?

Bobur Akmalov
Tasvirchi va montaj ustasi Azimjon Vohidov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top