16:42 / 03.03.2022
53403
O‘zbekistonda rubl kursi bo‘yicha maqbul koridor belgilandi

O‘zbekistonda banklarga rubl ayirboshlashni to‘xtatib qo‘ymaslik, sotib olish va sotish kursi o‘rtasidagi farqni “maqbul darajada” saqlab turish “tavsiya etildi”. Iqtisodchilar bu qarorni “rubldagi barcha risklarni so‘mga yuklash” deb ta’riflab, O‘zbekistonga “vagonlarda rubl kirib, vagonlab dollar chiqib ketishi”dan ogohlantirdi.

Foto: Ntv.ru

O‘zbekiston Markaziy banki barcha tijorat banklariga rublni sotib olish va sotish kurslari o‘rtasidagi farqni “maqbul darajada” saqlab turishni tavsiya qildi.

Regulyator o‘z bayonotida Rossiya rublining birja va birjadan tashqari kurslari o‘rtasida sezilarli farqlar yuzaga kelayotganini qayd etib, bu – “Rossiyadagi fuqarolarimizning o‘z mablag‘larini erkin valutaga almashtirish jarayonida yo‘qotishlariga olib kelayotgani”ni bildirgan.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Markaziy banki:

— barcha tijorat banklariga Rossiya rublidagi pul o‘tkazmalari bo‘yicha ayirboshlash operatsiyalarini uzluksiz amalga oshirish hamda valuta kursini belgilashda sotib olish va sotish kurslari o‘rtasidagi farqni maqbul darajada saqlab turish;

— banklarning valuta xavf-xatarlarini minimallashtirish maqsadida rossiya rublini sotish va sotib olish kurslarini joriy xalqaro kotirovkalarga asosan kun davomida o‘zgartirib borish yuzasidan tavsiyalar berdi.

“Bu Rossiya Federatsiyasidagi O‘zbekiston fuqarolariga pul mablag‘larini Rossiya rublida yuborish va respublika hududida ushbu mablag‘larni ixtiyoriy valutada qabul qilib olish imkonini beradi.

Markaziy bank mavjud vaziyatni doimiy kuzatib bormoqda va zarur hollarda aholi manfaatlarini hamda milliy valuta va bank tizimi barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rib boradi”, – deyiladi MB bayonotida.

Bir necha iqtisodchilar mazkur chorani “o‘zbek banklariga rubl yuklamasi” deb atamoqda.

“Agar rubl olish va sotish bo‘yicha toraytirilgan ma’muriy koridor, masalan +–1 foiz qo‘llaniladigan bo‘lsa, O‘zbekistonga vagonlarda rubl kiradi va O‘zbekistondan vagonlab dollar chiqib ketadi.

Hech kim rubl olish va sotishga qarshimas, lekin bu majburiyat ham bo‘lmasligi kerak. Mazkur jarayon ochiq bozor qoidalari, rublning konvertatsiyasi kundan kunga cheklanayotgani va uning ustiga ag‘anagan tog‘dek risklarni inobatga olgan holda yuz berishi lozim”, – deya munosabat bildirdi iqtisodchi Otabek Bakirov.

“Rubl bilan o‘zbek so‘mini bir savatga qo‘yish – rubldagi barcha risklarni so‘mga yuklashga teng bo‘ladi.

Ming marta aytgan bo‘lsam-da aytaman: bozorga qo‘yib berish kerak. O‘zbekistonliklar xohlasa rublni olishsin, xohlasa olishmasin”, – deydi iqtisodchi Behzod Hoshimov.

3 mart tongidan rubl kursi bo‘yicha tavsiya etilgan ma’muriy koridor: sotib olish 97 so‘m, sotish 102 so‘m deb belgilanganini taxmin qilish mumkin – deyarli barcha banklar rubl ayirboshlash uchun ayni shu kursni belgilashgan.

Otabek Bakirov ma’muriy yo‘l bilan Moskva birjasida shakllanayotgan kurs bozor kursi emasligini aytadi.

“Rossiyadan rubl keltirib uni so‘mga aylantirib, keyin dollar sotib olinsa, 1 dollar 112,78 rublga tushadi. Solishtirish uchun, Moskva ayirboshlash shoxobchalarida 1 dollar 130-160 rubldan sotilmoqda.

Ma’muriy yo‘l bilan Moskva birjasida shakllanayotgan kurs umuman bozorni belgilamaydi. Rossiyaliklarning jamg‘argan rubllarini O‘zbekistonga keltirib dollarga aylantirib olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilish boshlandi.

Behzod Hoshimov aytganidek, bu – rubldagi barcha risklarni o‘zbek so‘mining ustiga yuklash. Cho‘kayotgan rubl bizniyam cho‘ktirishini qanday istash mumkin?

Valuta sohasida yangi davrda shu vaqtgacha biror bir jiddiy xatoga yo‘l qo‘yilgani yo‘q edi. Lekin rubl bilan bog‘liq masala juda ayanchli oqibatlar yaratadi. Kech bo‘lmasidan, hammasini bozorning o‘ziga qo‘yib berishimiz kerak”, – deydi u.

Bakirovning e’tibor qaratishicha, banklar majburiy tartibda olishga va sotishga majbur valutalar qatorida rubl ko‘rsatilmagan. O‘zbekiston Respublikasida valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarida quyidagicha belgilangan:

“O‘zbekiston Respublikasi hududida bank kassalariga AQSh dollari, ingliz funt sterlingi, yevro, shveysariya franki, yapon iyenasi hamda tijorat banklarining ixtiyoriga ko‘ra boshqa chet el valutalari qabul qilinishi mumkin.

Ichki valuta bozorida chet el valutasini sotib olish va sotish operatsiyalari chet el valutasiga bo‘lgan talab va taklif asosida shakllanadigan valuta kursi bo‘yicha amalga oshiriladi”.

Iqtisodchi, shuningdek, qonunan Markaziy bank hukumatdan mustaqil ekanini eslatgan. “Markaziy banklarning mustaqilligi urush paytida ham, tinchlik paytida ham, krizis paytida ham, o‘sish paytida ham, inflatsiya pastligidayam, inflatsiya yuqoriligidayam, ishsizlik pastligidayam, ishsizlik yuqoriligidayam haddan ziyod muhim”, – ta’kidlaydi Otabek Bakirov.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top