16:01 / 03.03.2022
43691

Rossiya qo‘shini Xersonga kirdi, delegatsiyalar muzokaralarga yo‘l olgan. So‘nggi ma’lumotlar

Kiyev va Xarkovni o‘qqa tutish davom ettirildi. Poytaxtda temiryo‘l vokzali yaqiniga aviazarbalar berilgan. Xerson ruslar tomonidan egallangan, Melitopol bir necha kundan buyon ruslar qo‘lida.

2 mart kuni rossiyalik harbiylar Ukraina janubidagi Xerson shahrini egallashdi. Bu haqda shahar meri Igor Kolixayev ma’lum qildi.

280 ming aholi yashaydigan Xerson - Ukrainaning og‘ir janglardan keyin Rossiya tomonidan egallangan ilk yirik shahri va ilk oblast markazi bo‘ldi.

Kolixayevning xabar qilishicha, rossiyalik harbiylar shahar hokimiyati binosiga kirishgan va shahar aholisi uchun soat 20:00dan soat 6:00gacha komendantlik soati joriy etgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomoni bilan bu borada muzokaralar bo‘lmagan, ammo shahar qanday ishlashi muhokama etilgan.

«Bu muzokaralar emasdi, mish-mishlarda aytilganidek bo‘lmadi. Men hech kim bilan hech narsa haqida kelishmadim. Ammo, chindan ham, qurollangan shaxslar shahar ijroiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi.

Bizning jamoa - tinch aholi, bizda qurollar yo‘q. Biz shahar xavfsizligini ta’minlash uchun va bosqin oqibatlarini bartaraf etish uchun ishlayotganimizni ko‘rsatdik. Biz jasadlarni yig‘ish va dafn etishda, oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib berishda, chiqindilarni olib ketish va avariyalar oqibatlarini bartaraf etishda misli ko‘rilmagan qiyinchiliklarga duch kelmoqdamiz», deya yozgan shahar meri.

Uning yozishicha, shaharda hamon Ukraina bayrog‘i hilpiramoqda, ammo rossiyalik harbiylar bilan kelishuvga ko‘ra shaharda quyidagi qoidalar amal qiladi:

  • Ko‘chaga faqat kunduzi chiqish mumkin.
  • Soat 20:00dan soat 06:00gacha qat’iy kommendantlik soati amal qiladi.
  • Shaharga faqat oziq-ovqat, dori-darmon va hayot uchun zarur bo‘lgan boshqa mahsulotlar yuklangan mashinalar kirishi mumkin.
  • Xodimlar non zavodi, do‘konlar, dorixonalar va boshqa joylarga yetib borishlari uchun jamoat transporti faoliyatini tiklaymiz.
  • Ko‘chalarda piyodalar bir kishi bo‘lib, maksimum ikki kishi bo‘lib harakatlanishi mumkin. Harbiylarga provokatsiya qilmaslik kerak. Birinchi talab bilanoq to‘xtash va ziddiyatga bormaslik kerak.
  • Shaharda harakatlanishiga ruxsat berilgan avtomobillar (minimal tezlikda) istalgan vaqtda yuklari tekshirib ko‘rilishiga ruxsat berishi kerak.

«Men infratuzilmani yangilash, Xersonga investitsiyalar olib kirish, shahar yangi hayot boshlashi uchun uylar, yo‘llar va xiyobonlar qurish uchun kelgandim. Endi esa jasadlar uchun maxsus paketlar qidirish, «yashil yo‘lak» so‘rash bilan bandman va endi shaharni tanklardan keyin qanday tiklash haqida o‘ylayapman», deya yozadi Xerson meri.

Mariupol og‘ir vaziyatda

Joel Ganter, BBC News, Ukraina

Ukrainaning muhim portlaridan biri Mariupol 15 soatdan ortiq vaqt davomida tanaffussiz bombardimon qilingach, «gumanitar falokat yoqasiga kelgan». Bu haqda shahar meri o‘rinbosari Sergey Orlov BBC bilan suhbatda ma’lum qildi.

«Rossiya armiyasi bu yerda o‘z ixtiyoridagi barcha turdagi qurollarni qo‘llamoqda - artilleriya, raketa qurilmalari, samolyotlar. Ular shaharni vayron qilmoqchi», degan Sergey Orlov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar shahardan bir necha kilometr masofada turibdi va to‘rt tomondan muhim infratuzilmalarni o‘qqa tutmoqda, shaharning ayrim qismlari ichimlik suvi va elektr ta’minotidan uzilgan.

Mer o‘rinbosari shaharning aholi zich yashovchi rayonlaridan biri to‘liq yakson qilinganini aytdi.

«Biz hozir qurbonlar sonini sanay olmaymiz, ammo kamida yuzlab odamlar halok bo‘lmoqda deb o‘ylayapmiz. Biz u yerga borib, jasadlarni yig‘a olmaymiz. Mening otam o‘sha hududda yashaydi, hozirda u tirik yoki yo‘qligini bilmayman», degan Sergey Orlov.

«Biz Ukraina armiyasiga ishonamiz, ammo biz dahshatli holatdamiz», deya qo‘shimcha qilgan u.

BBC barcha davom etayotgan yirik qurolli mojarolarda bo‘lgani kabi Mariupol va Xersondagi qurbonlar sonini aniq tasdiqlay olmaydi.

2 mart kuni RF mudofaa vazirligi DXR kuchlari shahar atrofini «halqa bo‘lib» o‘rab olganini ma’lum qilgan va shahar aholisiga shaharni sharqiy yo‘nalishda tark etishni taklif qilgandi.

Yo‘qotishlar va harbiy muvaffaqiyatlar

Rossiya tomoni bahosi

Rossiya mudofaa vazirligi Ukrainaga bosqinning birinchi haftasi yakunida ilk bor o‘zining va Ukrainaning yo‘qotishlari bo‘yicha ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, 498 nafar rossiyalik harbiy burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan, 1597 kishi yaralangan. Shuningdek, Ukrainaning yo‘qotishlari 2870 dan oshgani, 3700 dan ortiq kishi yaralangani va 572 kishi asirga tushgani ma’lum qilingan.

Rossiya mudofaa vazirligining «harbiy muvaffaqiyatlar» bo‘yicha yangi bayonoti:

  • «Ukraina qurolli kuchlari tomonidan Rossiyaga qarshi psixologik operatsiyalar» o‘tkazishda qo‘llangan Kiyevdagi texnologik radiotelevizion markaz safdan chiqarildi, qurbonlar va turar joylar vayron bo‘lishi holati kuzatilmagan;
  • rossiyalik harbiylar Chistopole, Novopoltavka va Jovtnevoyeni qo‘lga olishdi;
  • Balakleya shahri (Xarkov oblasti) «millatchi batalonlardan ozod etildi»;
  • harbiy harakatlar boshidan buyon 1612 obekt yo‘q qilingan, shundan 62 tasi boshqaruv punkti va harbiy aloqa tuzilmalari, 39 tasi havo hujumidan mudofaa komplekslari (S-300, «Buk M-1» va «Osa», 52 ta radiolokatsiya stansiyalari;
  • quruqlikda 49 samolyot, havoda 13 ta samolyot yo‘q qilingan, shuningdek 606 tank va boshqa jangovar zirhli mashinalar, 67 raketa tuzilmalari, 227 ta artilleriya qurilmalari va minomyotlar, 53 dron safdan chiqarilgani aytilgan.

Ukraina tomoni bahosi:

3 mart kuni Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning yo‘qotishlari soni 9 mingdan oshgani (qurbonlar va yaralanganlar) haqida ma’lum qildi: 

  • Shaxsiy tarkibdan 9 ming atrofidagi kishi safdan chiqqan (avvalroq UNIAN agentligi bu raqamlar halok bo‘lganlar bilan birga yaralanganlarni ham o‘z ichiga olishini ma’lum qilgandi)
  • 217 tank
  • 900 jangovar zirhli mashinalar
  • 11 ta havo hujumidan mudofaa tizimlari
  • 31 vertolyot.
  • Ukraina o‘z yo‘qotishlari haqida so‘nggi ma’lumotlarni yangilamagan.

Tinchlik muzokaralari

Ukraina va Rossiya delegatsiyalari muzokaralarga yo‘l olgan — uchrashuv 3 mart kuni tongida bo‘lishi kutilgandi, ammo so‘nggi xabarlarga ko‘ra, muzokaralar Toshkent vaqti bilan 19:00da boshlanishi kutilmoqda. Rossiya tomoni ma’lumotiga ko‘ra, delegatsiyalar Belarusning Polsha bilan chegaradosh Brest oblasti hududida uchrashadi.

2 mart kuni RF TIV rahbari Sergey Lavrov rossiyaliklarning talablarini bayon etdi: Qrim Rossiya hududi sifatida tan olinishi, DXR va LXR Donetsk va Lugansk oblastlari chegaralarida tan olinishi, Ukrainada «Rossiya Federatsiyasi xavfsizligiga tahdid soluvchi» qurollar bo‘lmasligi va «denatsifikatsiya».

Ukraina delegatsiyasi vakili Mixail Podolyak Rossiya «tom ma’noda xalq urushiga aralashib qolgani» va urushning har bir kuni «Rossiya davlati, Rossiya jamiyati va Rossiya iqtisodiyoti salohiyatini halokatli darajada pasaytirib borishi»ni tushunishi kerakligini aytdi.

Muzokaralarning birinchi kuni 28 fevral kuni Belarusning Gomel oblastida o‘tkazilgan va shundan keyin tomonlar maslahatlashuv uchun o‘z poytaxtlariga qaytgandi.

Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy tomonlarning umumiy pozitsiyalar prognoz qilinadigan ayrim nuqtai nazarlarni belgilab olgani haqida aytgandi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Rossiya bilan muzokaralarda Ukraina xohlagan natijaga erishish imkoni bo‘lmaganini qayd etgandi. U muzokaralarda Rossiya tomoni o‘z pozitsiyasini e’lon qilgani, Ukraina esa «urushni yakunlash bo‘yicha» talablarini ilgari surgani haqida gapirgandi. «Rossiya tomonining ayrim signallarini biz oldik», deya qo‘shimcha qilgandi prezident.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top