20:00 / 03.03.2022
4993
Toshkent davlat stomatologiya instituti va Turkiyaning nufuzli Istinya universiteti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi

Bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimi, xususan, tibbiy oliy ta’lim tizimini ilg‘or xorijiy tajriba asosida rivojlantirish ijobiy natija bermoqda.

Foto: Toshkent davlat stomatologiya instituti axborot xizmati

Toshkent davlat stomatologiya instituti mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib dunyo tan olgan Butunjahon tibbiy ta’lim federatsiyasi (WFME) akkreditatsiyasidan o‘tgan institut hisoblanadi.

Bugungi kunda institut 23 mamlakatning 100 dan ortiq ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari bilan hamkorlik qilmoqda.

Tibbiyot sohasida raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash, pedagoglar malakasini oshirish va ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirish maqsadida Turkiyaning nufuzli Istinya universiteti va Toshkent davlat stomatologiya instituti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari U.Sobirov, Turkiya universiteti rektori Erdol Karoz, Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori N.Haydarov ishtirok etdi.

Foto: Toshkent davlat stomatologiya instituti axborot xizmati
Foto: Toshkent davlat stomatologiya instituti axborot xizmati

Turkiyaning yetakchi Istinya universitetining 12 ta fakultetida 20 000 dan ortiq talabalar tahsil olmoqda. Tibbiy yo‘nalishda universitet talabalari uchun jahonga mashhur “Liv Hospital” va “Medical Park” klinikalarida o‘quv va ilmiy-amaliy jarayonlar tashkil etilgan. Universitet klinikalari JCI va ISO 9001 jahon standartlari asosida faoliyat olib borib, tibbiy kadrlar tayyorlashda o‘z o‘rniga ega.

Anjuman davomida, Toshkent davlat stomatologiya institutining “Onko maktabi” va yangi kafedrasining ochilish marosimi o‘tkazildi. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida institut talabalari uchun innovatsion va zamonaviy ta’lim texnologiyalari asosida mashg‘ulotlar o‘tkazish, shuningdek, nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llashlari uchun zaruriy sharoitlar yaratildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozim, Toshkent davlat stomatologiya institutining 6 fakultetida 5000 ga yaqin talabalar tahsil olmoqda. Talabalarni jahon standartlari asosida ta’lim olishlari uchun simulyatsion markaz, talabalar poliklinikasi va ilmiy-amaliy markazlarda zaruriy sharoitlar yaratilgan.

Yaratilayotgan sharoitlardan to‘g‘ri foydalangan holda tibbiy ta’limni yanada rivojlantirish, aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishni takomillashtirish, shuningdek, iqtidorli va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda islohotlar davom etmoqda.

Toshkent davlat stomatologiya instituti axborot xizmati Ⓣ

Top