11:46 / 03.03.2022
5122

Toshkentda YTHlar ko‘proq qaysi tumanlarda yuz berishi ma’lum bo‘ldi

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi 57-sessiyasida dastlab Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Rafiq Jalilovning o‘tgan yil davomida amalga oshirilgan ishlar va joriy yildagi vazifalar xususidagi hisoboti eshitildi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yil poytaxtda jami 1 073 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan, ularning 114 tasi o‘lim bilan bog‘liq bo‘lib, 142 nafar fuqaro vafot etgan. 

Yo‘l-transport hodisalari ko‘proq Chilonzor, Yunusobod va Olmazor tumanlarida ro‘y bergan. Sabablari aholi soni, yo‘llar uzunligi va ro‘yxatdan o‘tgan transport vositalari salmog‘i ko‘pligi, mazkur tumanlar poytaxtni viloyat hududi bilan bog‘lashi, transport vositalari shahar hududiga kirib-chiqishi yuqoriligi bilan izohlangan.

Yo‘l-transport hodisalari tezlikka rioya qilmaslik, yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tish, chorraha qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida ro‘y bergan. Bularning oldini olish maqsadida boshqarma tasarrufidagi jami 48 ta fotoradar moslamalari dislokatsiyalari o‘zgartirib borildi. Mazkur fotoradarlar yordamida jami 530 514 ta qoidabuzarliklar aniqlanib, tegishli jazo choralari belgilandi.

Shuningdek, ba’zi ota-onalarning farzandlarini nazorat qoldirgani sababli haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan 16-17 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar tomonidan 1 932 ta qoidabuzarliklar sodir etilgan.

Sessiyada Xalq ta’limi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Suhrob Qirg‘izboyev prezidentning 2022 yil 3 fevraldagi “Xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosi bo‘yicha axborot berdi.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda poytaxtda 340 ta umumta’lim maktabi mavjud. O‘quv muassasalari quvvati 350 ming o‘rin bo‘lib, ularda 478 ming o‘quvchi ta’lim olmoqda. Bundan tashqari, 70 ta xususiy, 12 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablari ham faoliyat ko‘rsatmoqda.

Joriy yilda 34 ta (3 ta yangi, 14 ta rekonstruksiya, 13 ta mukammal, 4 ta joriy ta’mirlash) maktabda qurilish ishlari olib boriladi. 61 ta maktab kompyuter texnikasi bilan jihozlanadi. Ikkita fizika va matematika, 3 ta kimyo va biologiya hamda 2 ta AKTga ixtisoslashtirilgan maktablar bunyod etiladi. Shu bilan birga, 5 ta 3 000 o‘rinli xususiy maktablar tashkil etiladi.

Top