19:21 / 03.03.2022
7186
Xronika: Mahalla, oila va xotin-qizlar bo‘yicha tashkilotlarning 30 yillik silsilasi

O‘zbekistonda yoshlar, qariyalar, xotin-qizlar, oila va mahalla davlatning institutsional boshqaruvi sub’yekti sifatida ko‘riladi. Mustaqillik yillarida bu yo‘nalishlarda qator davlat va formal nodavlat tashkilotlari faoliyat yuritib keldi. Kuni kecha aholining muayyan yosh va jins qatlami bilan mashg‘ul davlat tuzilmalari soni yana bittaga ortdi.

Sobiq Xotin-qizlar qo‘mitasining 2018 yildagi konferensiyasi / Foto: O‘zA

Bir vaqtning o‘zida Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar ittifoqi faoliyat olib borayotgan O‘zbekistonda, 1 martga kelib, aholining ma’lum bir yosh va jins qatlamlari bilan ish olib boruvchi vazirliklar soni yana bittaga ortdi: Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi sifatida qayta tashkil etilib, yangi organ – Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi ochildi.

Quyida biz mustaqillik yillarida xotin-qizlar, oila va mahalla bo‘yicha qanday tuzilmalar faoliyat yuritganiga nazar solamiz.

Xotin-qizlar qo‘mitasi tarixi

2020 yilda faoliyatini tugatgan qo‘mita uzoq yillik tarixga ega. Qo‘mitaning aynan qaysi yili tashkil etilgani haqida ochiq manbalardan ma’lumot topishning imkoni bo‘lmadi. Biroq Lex.uz milliy bazasida qo‘mita 1992 yildagi prezident farmonida Xotin-qizlar komiteti sifatida qayd etilgan ma’lumot mavjud. 1993 yildagi 8 mart bayrami arafasida bir guruh ayollarni mukofotlashga oid prezident farmonida esa O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi nomi tilga olinadi. Bu esa qo‘mita uzoq yillar davomida faoliyat yuritib kelganini anglatadi.

1995 yilda Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida bosh vazirga o‘rinbosar bo‘lishi belgilangan. Joylarda esa qo‘mitaning hududiy bo‘limlari raislari hokimlarga o‘rinbosar bo‘lgan.

2004 yilgi “O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmonida Xotin-qizlar qo‘mitasining ishchi apparati tuzilmasi xarajatlari budjet hisobidan ta’minlanishi belgilanadi.

Biroq 2020 yilda Xotin-qizlar qo‘mitasi tugatildi va tegishli farmon bilan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi.

Bu vazirlikka xotin-qizlar bilan bog‘liq quyidagi muhim vazifalar ham yuklatilgandi:

  • xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga doir davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash;
  • xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga, shu jumladan nogironligi bo‘lgan ayollarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish;
  • xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, xotin-qizlarni, ayniqsa, qishloq joylardagi yosh qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish masalalarida har tomonlama manzilli qo‘llab-quvvatlash.

Oila bilan bog‘liq tuzilmalar tarixi

Dastlab, 1998 yil O‘zbekistonda “Oila yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan Xotin-qizlar qo‘mitasi huzurida “Oila” ilmiy-amaliy markazi tashkil etiladi. Markaz Toshkent davlat universiteti va Toshkent davlat pedagogika institutidagi oila muammolarini o‘rganish laboratoriyalari negizida ochilib, faoliyat boshlaydi.

“Oila” markazining vazifalari etib quyidagilar belgilangan:

  • oila va jamiyat, oila va mahalla munosabatlari bilan bog‘liq boy milliy an’analar, sermazmun milliy qadriyatlarning ildizlarini, ajdodlarimiz merosini o‘rganish va ommalashtirish;
  • milliy oilaviy tarbiyada umuminsoniy qadriyatlarning o‘rnini yuksaltirish va uning oilada uyg‘unlashuvini ta’minlash;
  • oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati, demografik xususiyatlarini ilmiy asosda tadqiq etish;
  • oila, ayol va bolalarning ijtimoiy-iqtisodiy mavqeini aks ettiruvchi statistik axborotlarni to‘plash va umumlashtirish kabilardan iborat edi.

2018 yilda “Oila” ilmiy-amaliy markazi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi sifatida qayta tashkil etiladi.

2020 yilda “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamda “Mahalla” o‘quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot markazi negizida “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilib, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tuzilmasi tarkibiga kiritilgan edi.

Endi esa oila muammolari bilan ishlash yangi tashkilot – Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi vakolatiga o‘tkazilmoqda. “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti “Oila va xotin-qizlar” ilmiy tadqiqot institutiga aylantirildi.

Mahallalar bilan ishlash tarixi

1992 yilda O‘zbekistonda “Mahalla” xayriya jamg‘armasi tashkil etiladi. Unga quyidagi vazifalar yuklatilgan:

  • tarixan tarkib topgan milliy va ma’naviy qadriyatlarni keng targ‘ib qilish, xalqimizning eng yaxshi udum va an’analarini ommalashtirish, respublika aholisi o‘rtasida madaniy va ma’rifiy ishlarni keng yo‘lga qo‘yish;
  • insonparvarlik va mehr-shafqat, kishilar o‘rtasida o‘zaro bir-birini tushunish va yaxshi qo‘shnichilik g‘oyalarini tushuntirish bo‘yicha faol tashviqot va targ‘ibot ishlarini olib borish;
  • har bir aniq hududda yashovchi kamxarj oilalar, nogironlar, keksalar va bolalar huquqlarini har tomonlama ijtimoiy himoya qilish;
  • har xil an’anaviy marosimlar o‘tkazish;
  • juda muhtoj oilalar va alohida shaxslarga tekin moddiy yordam ko‘rsatish;
  • mahallalar hududini obodonlashtirish.

2020 yilda prezident Shavkat Mirziyoyev Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etish taklifini bildirib, mahalla vaziri – “Mahalla” jamg‘armasiga, vazirning birinchi o‘rinbosari – “Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash” jamoat fondiga, Keksalar va faxriylar bo‘yicha o‘rinbosar “Nuroniy” jamg‘armasiga raislikni ham bajarishini ma’lum qilgandi.

2 yil davomida faoliyat yuritgan vazirlik qaytadan Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.

Yangi tuzilmalar qanday vazifalarni bajaradi?

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi:

  • xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va faolligini oshirish, gender tenglik kafolatlarini ta’minlash, ilmiy faoliyatga keng jalb qilish;
  • oila va xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan oila va xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish;
  • xotin-qizlarga mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha o‘qishlariga zarur sharoit yaratish kabi vazifalarni bajaradi.

Yangi qo‘mitaga Namanganning To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi va senator lavozimlarida ishlab kelayotgan Zulayho Mahkamova rais etib tayinlandi. U To‘raqo‘rg‘onga hokim bo‘lishidan avval sobiq Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari edi.

Bosh vazir o‘rinbosari –   Xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova / Foto: Prezident matbuot xizmati

Yangi-eski qo‘mitaning viloyat, tuman va shahar bo‘limlari ham tuzilmoqda. Ularning rahbarlari esa hokim o‘rinbosari bo‘ladi. Mahallalarda xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etiladi.

Qo‘mita Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda “Ayollar daftari” jamg‘armasini boshqaradi.

Eslatib o‘tamiz, sobiq Xotin-qizlar qo‘mitasi formal jihatdan nodavlat-notijorat tashkilot edi. Yangi qo‘mita esa to‘laqonli davlat organi hisoblanadi.

Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil  qilinishi bilan mahalla raisiga ham alohida topshiriqlar berildi. Endi raislar o‘z hududida hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoliyatini muvofiqlashtirishi, mahallada o‘zaro hamjihatlikda ishlashni ta’minlashi zarur. 

Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri lavozimiga prezident maslahatchisi Tursinxon Xudaybergenov tayinlandi. / Foto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, Prezident Xalq qabulxonalarining vazifalari ham endi shahar va tumandan mahallaga tushadi, mahallabay fuqarolarni qabul qilib, ularning masalalari yechimiga yordam beradi.

2 yillik tanaffusdan so‘ng qayta tashkil etilgan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi va 2 yillik faoliyatdan so‘ng nomi o‘zgartirilgan Mahalla va nuroniylarni qo‘llab quvvatlash vazirligi vazifalarini qay darajada uddalashi, xotin-qizlar, oila va mahalla muammolariga qay darajada yechim topa olishini vaqt ko‘rsatadi.

Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.

Top