17:46 / 04.03.2022
4373
Ikki oyda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati bo‘yicha 13 mlrd 770 million so‘m zarar yetkazilgan
Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Xorazm, Sirdaryo, Andijon va Toshkent viloyatida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati ko‘p bo‘lgan. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Energetika vazirligi shtabi tomonidan 2022 yilning yanvar-fevral oylari davomida iste’molchilarning tabiiy gazdan foydalanish holatlari tahlil qilingan.

O‘tkazilgan tadbirlarda yanvar-fevral oylari davomida respublika bo‘yicha 546 ta holatda ulgurji iste’molchilar tomonidan 15 million 532 ming kub metr hajmdagi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan. Buning natijasida gaz ta’minoti korxonalari manfaatlariga 13 milliard 770 million so‘m zarar yetkazilgan.

Ushbu miqdordagi tabiiy gaz 1 million xonadonning bir kunlik iste’molini tashkil qiladi.

Noqonuniy foydalanish holatlarining ko‘pi Xorazm, Sirdaryo, Andijon va Toshkent viloyatlarida aniqlangan.

Aniqlangan barcha holatlar bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.

Top