17:40 / 04.03.2022
13017
Qizlarni ko‘cha bezorilaridan himoya qilishga qaratilgan loyiha ishlab chiqildi

BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi xotin-qizlarga ko‘chadagi shilqimlik va ta’qibdan vaqtinchalik xavfsiz joy topishga imkon beruvchi “Umidani chaqiring” deb nomlangan loyiha ishlab chiqdi.

Foto: BMT Taraqqiyot Dasturi

Bugun, 4 mart kuni BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasida biznes vakillari ishtirokida “Umidani chaqiring” pilot loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Loyiha – ko‘chada ta’qib va shilqimlikka uchragan xotin-qizlarga vaqtinchalik xavfsiz boshpana berishga imkon beruvchi norasmiy mexanizmga aylanishi maqsad qilingan.

“Ko‘chadagi shilqimlik – bu ko‘cha-ko‘yda, savdo markazlarida, jamoat transportida va boshqa shu kabi odamlar bilan gavjum joylardagi tegajog‘lik, shahvatli imo-ishoralar, hushtakbozlik, ta’qib qilish, shilqimlik kabi harakatlar. Bu global illat bo‘lib, undan butun dunyo ayol-qizlari aziyat chekmoqda. Fransiya, Niderlandiya, Filippin va Tojikiston kabi ayrim mamlakatlarda bunday xatti-harakatlar qonun bilan taqiqlangan. Boshqa ko‘plab mamlakatlarda esa ijtimoiy mas’uliyatga asoslangan norasmiy himoya mexanizmlarini yaratish bo‘yicha jamoatchilik tashabbuslari mavjud.

Ko‘pincha, ta’qibchining ketishini kutib turish uchun vaqtinchalik boshpana topish yoki yo‘lida davom etish uchun hamroh chaqirish imkoniyatiga ega bo‘lish ko‘chadagi shilqimlik muammosini hal qilishga yordam berishi mumkin”, deya ta’kidlandi tadbirda.

“Umidani chaqiring” loyihasi qanday ishlaydi?

Bu loyiha xususiy sektor bilan hamkorlikda ishlaydi. Hozircha O‘zbekistondagi mashhur brendlar: Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i, Testo by Zamira & Co., YaponaMama, Caravan Group restoranlar tarmog‘i, Steam Bar, Turka Saray, GroundZero kovorking markazlari, CyberArena kompyuter klubi, Asklepiy Group dorixonalar tarmog‘i, TEAMS universiteti, IT Park bu loyihaga qo‘shilgan.

Loyihaning maxsus stikerlari yuqoridagi tadbirkorlik sub’yektlarining binolariga yopishtirib chiqiladi va bu ta’qibga uchragan qizlar shu yerda o‘zlarini xavfsiz his qilishlari mumkinligini anglatadi.

Loyihaning alohida veb-sayti ham ishlab chiqilgan, unda ko‘cha bezoriligiga duch kelgan qizlar xavfsiz bo‘lishi mumkin bo‘lgan manzillar xaritasi ko‘rsatilgan, qanday qilib loyihadan foydalanish mumkinligi tushuntirilgan.

Tasavvur qiling, sizga ko‘chada shilqimlik qilishdi

Loyiha stikeri yopishtirilgan lokatsiyalardan biriga yoki CallUmida.uz saytidagi lokatsiyalardan eng yaqiniga murojaat qilinadi.

Bu lokatsiyadagi qo‘riqlash xodimlari yoki istalgan boshqa xodimdan yordam so‘rash mumkin. Maxfiylik kerak bo‘lgan holatlarda “Umidani chaqiring” sirli jumlasidan foydalaniladi. Xodim ko‘cha ta’qibiga uchragan qizni xavfsiz joyga olib o‘tishi, qo‘shimcha chiqish yo‘li orqali chiqarib yuborishi, huquqni muhofaza qilish xodimlarini yoki yaqinlarini chaqirishda yordam berishi mumkin.

Agar yaqin atrofda “Umidani chaqiring” loyihasi hamkorlari bo‘lmasa, xotin-qizlar huquqni muhofaza qilish xodimlarini yoki yaqinlarini chaqirishlari mumkin. Shuningdek, ko‘chadagi boshqa insonlar ham ularga yordam qo‘lini cho‘zishi mumkin.

Foto: BMT Taraqqiyot Dasturi

Barcha xodimlar xabardor qilinadi

Loyiha taqdimotida ma’lum qilinishicha, bir oy vaqt davomida “Umidani chaqiring” loyihasiga qo‘shilgan biznes sub’yektlarining barcha xodimlari xotin-qizlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘qitiladi.

Xodimlar faqat xotin-qizlar xavfsizligini ta’minlashga yordam beradi, ularga qo‘shimcha savollar berish, maslahat berish taqiqlanadi.

Mavzuga oid
Top