19:30 / 04.03.2022
25095

«Talabalarga yordam berib, ularning bandligini ta’minlash shart» - Shavkat Mirziyoyev

Talabalarning 100 ming nafarga yaqini ishlash va qo‘shimcha daromad topish niyati borligini bildirgan. Ishlashga ehtiyoji bor talabalarga yordam berib, ularning bandligini ta’minlash shartligi ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev raisligida talabalarning ishlab, daromad topishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish mavzusida videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda oliygohlarda 510 ming nafar talaba kunduzgi shaklda o‘qimoqda — jami 820 ming nafar. Davlat rahbarining topshirig‘iga muvofiq, rektorlar, talabalar o‘rtasida suhbat va so‘rovnomalar o‘tkazilgan.

Talabalarning 100 ming nafarga yaqini ishlash va qo‘shimcha daromad topish niyati borligini bildirgan. Ular orasida 7,5 ming chin yetim yoki nogironligi bo‘lgan hamda 4,5 ming nafar «daftarlar»ga kiritilgan talabalar bor.

«Bu raqamlar haqiqatan ancha yuqori. Shuning uchun rektorlar har bir talaba bilan o‘zlari muloqot qilib, haqiqiy holatni bilish va ularni band qilishga shaxsan mas’ul», deydi davlat rahbari.

Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda talabalar ishlashi mumkin bo‘lgan 105 mingta vakant ish o‘rinlari mavjud.

Ishlashga ehtiyoji bor talabalarga yordam berib, ularning bandligini ta’minlash shartligi ta’kidlandi.

«Qaysi hokim yoki rektor bo‘sh ish o‘rinlarini tahlil qilib, talabalarni joylashtirish bo‘yicha ishlagan? Hozircha bu savolga ijobiy javob yo‘q. Hokim va rektorlar, bir narsani bilinglar — ishlashga ehtiyoji bor talabalarga yordam berib, ularning bandligini ta’minlash shart», deydi prezident yig‘ilishda.

Bu ishlarni tizimli tashkil etish uchun bosh vazir boshchiligida respublika komissiyasi tuzilishi belgilangan. Hokimlar ham rektorlar bilan birga hududlarda shunday komissiyalar tashkil etadi.

Komissiya:

  • viloyat hokimlari va rektorlar bilan birga har bir oliygoh kesimida «talabalar balansi»ni aniqlab oladi;
  • vakant o‘rinlarini tahlil qilib, har bir viloyat bo‘yicha 1, 2 va 3-kurs talabalarining kamida 30-40 foizini ishga joylash choralarini ko‘radi;
  • bitiruvchi kurslar talabalarini esa hokim, rektor va korxonalar bilan birgalikda kelgusidagi ish joyini belgilab oladi va ularni haq to‘lanadigan 3-4 oylik stajirovkaga yuboradi.
Top