19:43 / 04.03.2022
11307
Tijorat banklari rublning so‘mga nisbatan kursini mustaqil belgilamoqda - Markaziy bank

Qayt etilishicha, oxirgi paytlarda tijorat banklari tomonidan aholiga rubl sotuvi ulardan xarid qilingan miqdorlardan qariyb 10 barobar ko‘p.

Markaziy bank muhokamalarga sabab bo‘layotgan tijorat banklari tomonidan rublni ayirboshlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Regulyatorga ko‘ra, rublning so‘mga nisbatan sotish va sotib olish kursi tijorat banklari tomonidan mustaqil ravishda joriy xalqaro kotirovkalarga asosan belgilanib, kun davomida zaruriyatga ko‘ra o‘zgartirib borilishi mumkin.

«Odatda, xalqaro amaliyotda ham mahalliy valuta birjasida sotuvda bo‘lmagan ayrim davlatlarning valutalari bo‘yicha hisob va ayirboshlashdagi kurs ushbu davlatlarning Markaziy banklari yoki xalqaro platformalarda e’lon qilayotgan joriy kotirovkalar asosida belgilanadi.

Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda shubhali spekulyativ transchegaraviy sxemalar yordamida rublni ayirboshlash (shu jumladan, “qora bozor”da) orqali 30 foizgacha daromad olish mumkinligi bildirilmoqda.

Yuqoridagi fikrlar mantiqan gepotetik shakllarda to‘g‘ri bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da, amalda O‘zbekistondagi ichki valuta bozoridagi real holat buni inkor etmoqda. Xususan, oxirgi paytda tijorat banklari tomonidan aholiga rubl sotuvi ulardan xarid qilingan miqdorlardan qariyb 10 barobar ko‘p.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda jismoniy shaxslar tomonidan xorijiy valutani (naqd va naqdsiz shaklda) olib kirish va olib chiqish bo‘yicha maxsus tartib o‘rnatilgan bo‘lib, ushbu tartib ichki valuta bozoriga keskin ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan miqdorlarda pul oqimlarining vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Markaziy bank mavjud vaziyatni doimiy onlayn ravishda kuzatib bormoqda va zarur hollarda aholi manfaatlarini hamda milliy valuta va bank tizimi barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishini ta’minlaydi», – deyiladi bayonotda.

Avvalroq, Markaziy bank tijorat banklariga rubl ayirboshlashni to‘xtatib qo‘ymaslik, sotib olish va sotish kursi o‘rtasidagi farqni «maqbul darajada» saqlab turishni «tavsiya etgandi». Iqtisodchilar esa bu qarorni «rubldagi barcha risklarni so‘mga yuklash» deb ta’riflab, O‘zbekistonga «vagonlarda rubl kirib, vagonlab dollar chiqib ketishi»dan ogohlantirgandi.

Mavzuga oid
Top