11:54 / 05.03.2022
1613

Qoraqalpog‘istonda “Jiguli” va yuk mashinasi to‘qnashishi oqibatida bir kishi vafot etdi

Foto: YHXB

3 mart kuni G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynou yo‘lining Beruniy tumani hududidan o‘tuvchi qismida yo‘l-transport hodisasi yuz bergan. Bu haqda Qoraqalpog‘iston YHXB xabar bermoqda.

Xabarga ko‘ra, xalqaro A-380 yo‘lining 627-628 kilometri oralig‘ida yuk mashinasi va BAZ 2106 “Jiguli” o‘zaro to‘qnashib ketgan. Oqibatda 1996 yilda tug‘ilgan “Jiguli” haydovchisi shifoxonada o‘ziga kelmay, vafot etgan. Qoraqalpog‘iston YHXB e’lon qilgan videoda “Jiguli” ikkiga bo‘linib ketganini ko‘rish mumkin.

Dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasiga sabab “Jiguli”ning qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan yuk mashinasi oldiga chiqib ketgani bo‘lgan.

Beruniy tumani YHXB boshlig‘i Dilshod Yo‘ldoshovning aytishicha, holat yuz bergan yo‘lning yotiq chiziqlari o‘chib ketgan.

Foto: YHXB

Yuk mashinasi haydovchisining so‘zlariga ko‘ra, u o‘z yo‘nalishi bo‘yicha 30–35 tezlikda harakatlanib kelayotganda “Jiguli” qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib yuk mashinasiga urilgan.

“Menga 30 metrlar qolganda yo‘lning qarama-qarshisiga o‘tib ketdi. Ko‘rib turibsiz, abgor yo‘l”, — deydi yuk mashina haydovchisi.

Bundan oldin Buxoroda 6ta avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgandi.

Top