18:14 / 05.03.2022
59481
Rubl atrofidagi muhokamalar: O‘zbekiston banklari rubl olish va sotishga majburlanyaptimi?

3 mart kuni O‘zbekistonda rubl kursi bo‘yicha tavsiyaviy koridor belgilandi. Bu iqtisodchilar tanqidlariga sabab bo‘ldi. Tavsiyaviy koridor nima va u nega o‘rnatildi kabi savollar bilan Kun.uz iqtisodiyot fanlari doktori, professor Nodir Jumayev va “Agrobank”ning boshqaruv raisi o‘rinbosari Erkin Qahhorov bilan suhbatlashdi.

O‘zi nima gap?

O‘zbekistonda banklarga rubl ayirboshlashni to‘xtatib qo‘ymaslik, sotib olish va sotish kursi o‘rtasidagi farqni “maqbul darajada” saqlab turish “tavsiya etildi”. Bu haqda Markaziy bank rasmiy bayonot e’lon qildi. Iqtisodchilar bu qarorni “rubldagi barcha risklarni so‘mga yuklash” deb ta’riflab, O‘zbekistonga “vagonlarda rubl kirib, vagonlab dollar chiqib ketishi”dan ogohlantirdi.

Kun.uz masala atrofidagi savollar yuzasidan iqtisodiyot fanlari doktori, professor Nodir Jumayev va “Agrobank”ning boshqaruv raisi o‘rinbosari Erkin Qahhorov bilan intervyu tashkil qildi.

—  Rubl kursi bo‘yicha “koridor” nimani anglatadi?

Nodir Jumayev: Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro natijasida bu davlatlarning iqtisodiyotida ma’lum ma’noda beqarorlik kuzatildi. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, Rossiya asosiy stavkani 8 foizdan 20 foizgacha ko‘tardi. Ko‘plab o‘zgarishlar bo‘ldi va O‘zbekistonda nima uchun rubl bo‘yicha koridor qo‘yilgani savollarni tug‘dirmoqda. Tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan ko‘p narsalar bor, butun dunyoda banklarni nazorat qilish bo‘yicha “Bazel- 1,2,3” shartlariga qaraydigan bo‘lsak, riskka tortadigan bank aktivi kapitali 8-10 foiz bo‘lsin degan holatlar bor, chunki tavsiya xarakteriga ega bo‘lishga sabab bank moliya tizimining barqarorligi butun iqtisodiyot barqarorligiga javob beradi. Agar tizimda qandaydir uzilishlar, beqarorlik bo‘ladigan bo‘lsa, u risklar oshishiga, zanjir reaksiya orqali debitorlik va kreditorlik qarzlari oshib ketishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun tavsiyaviy xarakterga ega bo‘ldi degani aniq buni bajarsin degani emas, balki bevosita shu holatda operatsiya amalga oshirish uchun regulyator sifatida Markaziy bank tomonidan tavsiya qilingan bo‘lishi mumkin.

Nodir Jumayev

Markaziy bank ma’lumotlari rublni sotish va sotib olish o‘rtasidagi tafovutni e’lon qildi. Men rublni jismoniy shaxslar tomonidan bankka sotish ko‘p bo‘ladi deb o‘ylagandim, lekin banklar tomonidan sotish 10 barobar ko‘pligi ham ko‘pgina xavf-xatarning oldi olingani va bizning tashqi savdomizda muhim ahamiyatga ega RF va Ukraina ekani bu sohadagi kotirovkalarni joriy qilishni kun tartibiga qo‘ydi. Har bir valuta kotirovkasini amalga oshirish (rubldami, yevrodami) yetakchi valutalarda kotirovka amalga oshishi bank tizimida barqarorlik va ma’lum darajada operatsiyalar kengayayotganini ko‘rsatadi.

Regulyator rubl kursi bo‘yicha tavsiyaviy koridor belgilagan bo‘lsa, qanaqadir hisob-kitoblarga asoslangan bo‘lishi mumkin. Albatta uni olish, sotish majburiy yoki bu bosim o‘tkazish degani emas.

Rossiyada SWIFT yopilyapti, u dunyo bo‘yicha xalqaro axborotlar uzatish va to‘lovlarni amalga oshirish tizimi hisoblanadi. Tizimdan maqsad tezroq operatsiyalarni amalga oshirish. Rossiyada migrantlarimiz bor, tashqi savdoda hamkorlarmiz. Bir yillik transferlarimiz o‘rtacha 10-12 mlrd atrofida. O‘tgan yil migrantlar o‘tkazgan pullar 7 milliarddan oshiq bo‘ldi. SWIFT'ni kutadigan bo‘lsak, o‘tkazmalar oylab cho‘zilishi mumkin, shuning uchun rublda amalga oshirish ma’lum darajada aholi o‘tkazmalarni olish imkoni bo‘lmoqda.

Rubl keskin qadrsizlanib borayotgan bir paytda aynan rubl bo‘yicha tavsiyaviy koridor belgilangani rublning riskini so‘mga yuklash degani emasmi?

Nodir Jumayev: Buni ikki tarafdan ko‘rish mumkin. Agar rublning riskini so‘mga yuklash deb qayta-qayta aytaversak, shunaqa bo‘lishi ham mumkin. Bizda yana Rossiyadan transferlar katta hajmda bo‘lganini hisobga olish kerak. Migrantlarimiz pul o‘tkazishi kerak, buni kutadigan bo‘lsak uzoq vaqt ketishi mumkin, bunga minglab oilalar qarab turibdi. Demakki, ular pul o‘tkazish uchun milliy tizimdan foydalanadi. Tashqi savdomizda Rossiya birinchi o‘ringa chiqqan. Buni bevosita bosim, Rossiya Federatsiyasining valutasini himoya qilish uchun deb bo‘lmaydi. Shu paytgacha biz dollar olgan bo‘lsak, Amerika hukumatining yoki kongressni moliyalashtirgan bo‘lib qolamizmi?! Yo‘q, valuta bo‘lgani uchun ishlatganmiz. Operatsiyalarning hajmi oshayotgani hozirgi kon’yunkturadan kelib chiqadi.

Erkin Qahhorov

Erkin Qahhorov: Markaziy bank tomonidan oldi-sotdi kursi qat’iy belgilab qo‘yilsa, so‘mga rublning riski yuklab qo‘yilgan bo‘ladi. Hozir o‘rtadagi koridorni maqbul ushlash bo‘yicha tavsiya berildi, lekin shuningdek, tijorat banklari tomonidan xalqaro savdo platformalarida rublning qattiq valutalar orasidagi tendensiyasi kuzatilib kun davomida ko‘tarib, tushirib borildi. Maqbul darajada ushlash bo‘yicha tavsiya berildi, kurs oldi-sotdisini qat’iy belgilash emas. Valuta birjamizda oldi-sotdi qilinmaydigan har qanday xorijiy mamlakatlarning valutasi xalqaro savdo platformasi orqali aniqlanadi. Shu kurslar natijasida biz o‘zimizning risklarimizni aniqlab faqat o‘sha tavsiyadan kelib chiqib qildik. Bu tavsiyani qaysidir bank amalga oshiradi, qaysidiri amalga oshirmaydi. Lekin oradagi kursni tushunsak yaxshi bo‘lardi.

— Markaziy bank o‘rnatgan tavsiyaviy koridordan keyin sizning bankingiz jarayonni qanday tashkil qildi?

Erkin Qahhorov: Agrobank misolida gapiradigan bo‘lsam, bizning 169ta filialimiz, 600dan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatadigan shoxobchalarimiz bor. Shu paytgacha valuta turlari bo‘yicha ham aholiga xizmat ko‘rsatib kelayotgandik. Shu masala bo‘yicha rubl va so‘m o‘rtasidagi riskni belgilash, rubl va so‘m o‘rtasidagi amaliyot amalga oshirildi. Bu Agrobank uchun yangilik emas, sababi biz banklar orasida birinchi bo‘lib Sberbankdan rubl so‘m orqali xalqaro pul o‘tkazmasini joriy qilganmiz. Hozirda onlayn pul o‘tkazmalarining 80 foizdan yuqorisi bizning hissamizga to‘g‘ri keladi. Bu risk biz uchun yangi emas, xalqaro savdo platformalaridan foydalanamiz va risklarni baholab boramiz. Ikkinchidan, Markaziy bank tomonidan rubl bo‘yicha valuta ayirboshlash shoxobchalari uzluksiz ishlashga oid tavsiya bergandan keyin bank filiallarimiz tomonidan bu narsa tashkil bo‘ldi. Kun davomida rubl dollar parasiga qarab risklarimizni aniqlab kursni o‘zgartirib boryapmiz. Boshqa banklarni bilmadim, lekin bizda xarid va sotuv o‘rtasida farq yo‘q. Ya’ni bozor teng amalga oshmoqda.  

Soha mutaxassislarining fikrlari bilan video orqali batafsil tanishishingiz mumkin.

Madina Ochilova suhbatlashdi,
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov.

Top