12:03 / 06.03.2022
65757

Cho‘qqiga urilgan Il-14: Boysun tog‘larida qulagan yo‘lovchi samolyoti halokatiga nima sabab bo‘lgandi?

1959 yilda Kobul-Termiz-Toshkent yo‘nalishida parvoz qilayotgan yo‘lovchi samolyoti Boysun tumani tepasidan uchib o‘tayotganda radarlardan yo‘qoladi. Uchuvchi bilan aloqa uziladi. Samolyot yoki uning qoldiqlarini bir oy qidirib topa olishmaydi. Shundan so‘ng uning izsiz g‘oyib bo‘lgani haqida xabar tarqatiladi. Aslida esa samolyot halokatga uchragandi.

Fotokollaj: Kun.uz

O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi tarixida o‘ndan oshiq aviahalokatlar sodir bo‘lgan va ularda ko‘plab insonlar halok bo‘lgan. 1959 yil 13 dekabr kuni Surxondaryo viloyatining Boysun tumani hududidan uchib o‘tayotganda halokatga uchragan Il-14 samolyoti ham ulardan biri hisoblanadi. Mazkur aviahalokat oqibatida 5 nafar ekipaj a’zosi va 25 nafar yo‘lovchi halok bo‘ladi. Ular orasida 2 nafar Xitoy, 3 nafar Germaniya Federativ Respublikasi fuqarolari ham bor edi.

Kobul-Termiz-Toshkent yo‘nalishida uchayotgan samolyot Boysun tog‘lari tepasidan o‘tayotganida radarlardan yo‘qoladi va uchuvchilar dispetcherga javob bermaydi. Belgilangan vaqtda Toshkentga yetib bormagan Il-14 ni uchuvchilar bilan aloqa uzilgan joy – Boysun tumani hududidan qidira boshlashadi. Ammo bir oy davom etgan qidiruvda samolyot yoki uning bo‘laklari topilmaydi. Shunda samolyotni xorijga olib qochib ketishgan, degan taxminga borishadi. Ammo aslida bunday emas edi, samolyot halokatga uchragandi. Oradan 6 oy o‘tgach, uning qoldiqlarini tasodifan ko‘rib qolishadi.

Il-14 haqida

Il-14 samolyoti Il-12 samolyoti bazasida 1954 yildan 1959 yilgacha ishlab chiqarilgan. Mazkur samolyot avvaliga Moskva, so‘ng Toshkent aviatsiya zavodi shuningdek, GDR va Chexoslovakiyada ham ishlab chiqarilgan.

Il-14 samolyotlaridan nafaqat sovet fuqaro aviatsiyasida foydalanishgan, balki u xorij davlatlariga ham eksport qilingan. 5 yil davomida Il-14 dan qariyb 3 500 dona ishlab chiqargan.

Foto: Wikipedia

Keyinchalik Il samolyotlarining boshqa rusumlari chiqarila boshlangach, Il-14 ni ishlab chiqarish to‘xtatiladi. Ammo undan 2005 yilgacha foydalanishgan. Il-14 samolyotlarining o‘zi ham bir necha rusumda ishlab chiqarilgan bo‘lib, ularda 24 nafardan 36 nafargacha yo‘lovchi o‘rni bo‘lgan.

Parvoz

1957 yilda Moskva aviatsiya zavodida ishlab chiqarilgan Il-14 samolyoti O‘zbekiston fuqaro aviatsiya boshqarmasiga qarashli Toshkent aviaotryadiga berilgan. Samolyot qisqa yo‘nalishlarga uchishga mo‘ljallangan edi.

Boysunda halokatga uchragan Il-14 samolyoti o‘shangacha 3 029 soat parvoz qilgandi.

Mazkur samolyot 1959 yil 13 dekabr kuni Kobul-Toshkent xalqaro yo‘nalishida parvoz qiladi va Termizda to‘xtaydi. O‘sha kuni uning bortida 25 nafar yo‘lovchi va 5 nafar ekipaj a’zolari bor edi. Samolyot mahalliy vaqt bilan soat 10:02 da Termiz aeroportidan parvoz qiladi.

Foto: allaircraft.ru

Samolyotning izsiz g‘oyib bo‘lishi

O‘sha kuni gidrometeorologiya xizmati havo bulutli bo‘lishi va qor yog‘ib bo‘ron ko‘tarilishi mumkinligi haqida ma’lumot beradi. Parvoz vaqtida ko‘rish darajasi juda past bo‘ladi.

Samolyot 3 600 metr balandlikka ko‘tarilgach, shimolga qarab yo‘l oladi. Soat 10:27 da ekipaj dispetcherga samolyot Boysun tog‘lari orasida joylashgan Darband qishlog‘i ustidan uchib o‘tayotgani haqida xabar beradi. Bu ekipajning so‘nggi xabari edi. Oradan bir minut o‘tib, ekipaj bilan aloqa uziladi va samolyot radarlardan yo‘qoladi.

Foto: LiveJournal

Samolyot belgilangan vaqtda Toshkentga yetib bormagach, darhol qidirish ishlari boshlanadi. Qishning bulutli va noqulay ob-havosida bir oy davomida olib borilgan qidiruv natijasiz tugaydi. Samolyotning na o‘zini, na qoldiqlarini topishning imkoni bo‘lmaydi.

O‘shanda samolyot topilmagach, ekipaj uni xorijga olib qochgan, degan taxminga ham borishadi. Ammo biror xorijiy davlatdan O‘zbekistonga tegishli Il-14 samolyoti olib qochib borilgani haqida xabar olinmaydi. Shu tariqa samolyot izsiz yo‘qoladi.

1960 yil 19 yanvar kuni samolyot yo‘qolgan vaqtdan 37 kun o‘tib, SSSRning Kobuldagi elchixonasi Il-14 yo‘lovchi samolyotining yo‘qolgani haqida rasmiy xabar tarqatadi.

Il-14 qoldiqlarining topilishi

1960 yil 2 iyun kuni Il-14 yo‘qolganidan olti oy o‘tib, Boysuntog‘ tizmasi ustidan uchib o‘tayotgan Mi-1 vertolyotining ekipaji tasodifan Boysun shahridan 27 kilometr shimoliy-sharqda, Qushtang tog‘i yonbag‘rida samolyot qoldiqlarini ko‘rib qoladi. Ekipaj darhol qutqaruv xizmatiga xabar beradi.

Aytilgan manzilga yetib kelgan qutqaruvchilar samolyot qoldiqlarini ko‘zdan kechirib, u olti oy avval izsiz yo‘qolgan Il-14 ekanini aniqlashadi. Dastlabki tekshiruvda samolyot 3 700 metr balandlikdan tog‘ cho‘qqisiga urilib, qulab tushgani ma’lum bo‘ladi.

Foto: Baykal Daily

Soha mutaxassislari avval samolyotning o‘ng qanoti cho‘qqiga urilib uzilib tushgani, so‘ng chap qanoti bilan tog‘ tepasiga qulagan samolyot 200 metr pastlikka tushib ketganini aniqlaydi. Ana shunda samolyot bo‘laklarga bo‘linib ketadi va undagi yo‘lovchilar hamda ekipaj a’zolari halok bo‘lishadi.

Halokat sabablari

Maxsus komissiya halokatga uchuvchilarning qoidalarni buzgan holda parvoz qilgani sabab bo‘lgan, deb topadi. Surishtiruvlarda aniqlanishicha, Termizdan havoga ko‘tarilgan samolyot belgilangan yo‘nalishdan emas, balki Boysun tog‘lari oralab Toshkentga to‘g‘ri boradigan yaqinroq yo‘nalishdan uchgan. O‘shanda samolyot o‘z yo‘nalishidan 40-50 kilometr chetlanib parvoz qilgan va shu sababli qutqaruvchilar uni topa olishmagan.

Shuningdek, ekipaj a’zolari parvoz vaqtida shamol yo‘nalishini ham hisobga olmagan. Bo‘ron boshlanganda kuchli shamol samolyotni tog‘ cho‘qqilari tomonga surib ketgan. Qalin bulutlar orasida ko‘ruvchanlik darajasi past bo‘lgani uchun ekipaj tog‘lar orasida xavfli parvoz qilayotganini bilmagan.

Oqibatda, avval samolyotning o‘ng qanoti tog‘ cho‘qqisiga uriladi. U uzilib tushgach, chap qanot samolyotni pastga tortib ketadi va u tog‘ tepasiga qulab tushadi. So‘ng uning chap qanoti ham uzilib tushadi. Bo‘laklarga bo‘linib ketgan samolyot 200 metr pastlikka qulab tushadi va tog‘ tepasidagi yalanglikka sochilib ketadi.

Shundan so‘ng halokat sabablarini o‘rgangan komissiya Termizdan uchgan samolyotlarning aksariyati parvoz vaqtida belgilangan yo‘nalishdan emas, aynan halokatga uchragan Il-14 parvoz qilgan joydan uchib o‘tishini aniqlaydi.

Termiz va Toshkent shaharlari orasidagi masofa belgilangan yo‘nalish bo‘yicha uchganda qariyb 600 kilometrni, agar to‘g‘ri yo‘nalish bo‘ylab tog‘lar tepasidan uchilsa, 470 kilometrni tashkil etishi ma’lum bo‘ladi. Uchuvchilar vaqt va yonilg‘ini tejash uchun shunday yo‘l tutganlari oydinlashadi.

Foto: airliners.net

Surishtiruvlar davomida uchuvchilarning doimiy ravishda qoidalarga zid ravishda boshqa yo‘nalish bo‘ylab parvoz qilganiga dispetcherlar ham e’tiborsizlik bilan qaragani aniqlanadi.

Komissiya xulosasi bilan Toshkent-Termiz yo‘nalishida parvoz qilayotgan aksariyat qoidabuzar uchuvchilar va ularga e’tiborsizlik qilgan dispetcherlar ishdan haydaladi. Shundan so‘ng mazkur yo‘nalishda boshqa halokat kuzatilmaydi.

Il-14 ning halokati SSSRda shu rusumdagi samolyot bilan bog‘liq eng ko‘p odam halok bo‘lgan ilk hodisa – O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi tarixidagi ikkinchi halokat edi. Birinchisi 1942 yil 12 dekabr kuni Urganch-Toshkent yo‘nalishida parvoz qilgan ANT-samolyoti halokati edi. O‘shanda samolyot Toshkentga yetishiga 50 kilometr qolganda halokatga uchragan va uning bortida bo‘lgan 10 nafar ekipaj a’zolari va 26 nafar yo‘lovchi halok bo‘lgandi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid
Top