15:36 / 07.03.2022
18990

Chorvaning ortidan Captiva mingan ayol

Navoiylik 37 yoshli Qaldigul Yermekova 12 yildan buyon cho‘ponlik qiladi. Konimex cho‘llarida otar ketidan ot choptirib yuradigan bu ayol o‘z mehnati bilan ko‘p narsalarga erishgan. Uning fikricha, agar ishonch bo‘lsa, erkak qilgan ishni ayollar ham uddalashi mumkin.

Navoiy viloyatida nomdor cho‘ponlar ko‘p. Biroq bu kasbni egallagan ayollar sanoqli. Ulardan biri konimexlik Qaldigul Yermekova. Uning ota-bobosi cho‘pon o‘tgan. Oilada 5 nafar qizning uchinchisi. Opa-singillari o‘qituvchilik va shifokorlik kabi turli kasblarni egallashgan. Qaldigul esa otasi izidan borib, cho‘ponlikni tanlagan. 

Qaldigul Yermekova tumanning Sarjal ovuli hududida chorvachilik bilan shug‘ullanadi. 4 yil oldin o‘zi alohida otar tashkil qilgan. Hozir “Konimex-Sarjal-Qosay” MChJning 400 boshdan ortiq qo‘yini boqadi. O‘zining chorvasi ham 400 boshga yaqin.

Bahor yaxshi kelsa, chorvachilik ham, dehqonchilik ham yaxshi bo‘ladi. Yaqin kunlarda tug‘um mavsumi boshlanadi. MChJning 400 bosh ona qo‘yi bor menda. Shundan 300 bosh qo‘zi qo‘yamiz, degan niyatdamiz. Bu yilgi qish ham yaxshi kelmadi. Chorvani 4-5 oydan beri faqat yem bilan olib chiqdik. Bu ham qiyinchilik. Cho‘ponlikning orqasidan Lacetti va Captiva mindim. Mehnatim bilan o‘zim otar tashkil qildim. Sovug‘i-issig‘i demaysiz buning. Qiyin ekan, deb tashlab ketish yo‘q. Men ham qo‘y boqsam, men ham shunaqa mashina olsam, deydiganlar bor. Ammo yengil emas, qiyinchiligi ko‘p buning. Chidaganga beradi”, — deydi u.

Qaldigul o‘zi ot minib, qo‘y boqadi.Qishning izg‘irinida ham, yozning jaziramasida ham otar ortidan qolmaydi.Chorvadan ortib, uy ishlariga ham ulguradi.

 

Uning ta’kidlashicha, agar ishonch bo‘lsa, erkak qilgan ishni ayol ham uddalaydi:

Men ayolman, bu ishni qilolmayman, deb o‘zidan qo‘rqish bo‘lishi mumkin. Erkak qilgan ishni ayol ham uddalaydi. Bizning kamchiligimiz, o‘zimiz uchun talpinmaymiz. Faqat yordam pulini kutib o‘tiramiz. Birovga ishonib yashash kerak emas. O‘zimning tirikchiligim deb mehnat qilsa, barakasi ham bo‘ladi. Bilganimiz yordam puli va bola puli. Shunga ishonib qolganmiz. Aslida ishlash, mehnat qilish kerak”.

Qaldigul Yermekova qo‘ylari sonini ming boshdan oshirish niyatida. Buning uchun unda shijoat ham, sabr ham, imkoniyat ham yetarli.

Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Mavzuga oid
Top