16:59 / 07.03.2022
29792

«Liverpul» «Siti»ni quvishda davom etmoqda. APLda tur o‘yinlari yakunlari

«Manchester Siti» derbida Mahrez va de Breynening dubllari evaziga «Manchester Yunayted»ni yirik hisobda taslim etdi, «Liverpul» «Siti»ni ta’qib qilishda davom etadi.

Foto: MATTHEW ASHTON/GETTY IMAGES

Havers — Tuxelning snayperi

Byornli – Chelsi 0:4
Gollar: 0:1 – 47 Jyeyms, 0:2 – 52 Haverts, 0:3 – 55 Haverts, 0:4 – 69 Pulishich.
Bernli – Poup, Robers, Tarkovski, Kollinz, Teylor, Lennon, Vestvud, Braunxill, Rodriges (Korne, 63), Vegorst (Barns, 78), Maknil.
Chelsi – Mendi, Jyeyms (Kovachich, 70), Tiago Silva, Ryudiger, Chaloba, Saul, Jorjino, Kante (Loftus-Chik, 70), Pulishich, Maunt (Verner, 78), Haverts.

«Chelsi» klub yangi rahbar qo‘liga o‘tishi haqidagi xabarlar fonida «Byornli» mehmoni bo‘ldi va o‘yinni juda kamtarlik bilan boshladi. Tuxel shogirdlari tanaffusga qadar kamida ikki gol o‘tkazib yuborishi mumkin edi. Epizodlardan birida Mendi to‘pga chiqishda ishonchsiz harakat qildi, lekin mezbonlar futbolchisi qulay vaziyatdan bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etolmadi. Boshqa vaziyatda Tiagu Silva chempionatda uchinchi bor to‘pni darvoza chizig‘i ustida to‘xtatdi. APLda ushbu 37 yoshli braziliyalikka yetadigani yo‘q.

Ammo o‘yinning ikkinchi qismi «Chelsi» ssenariysi bo‘yicha kechdi, Jyeyms esa shtatdagi forvardlarga dars berdi. O‘ng qanotda to‘pni qabul qilib olgan himoyachi raqib himoyachilarini bir necha fint bilan dog‘da qoldirdi va to‘pni uzoq ustun tomon aniq yo‘naltirdi. Mezbonlar o‘ziga kelib ulgurmasidan Havers yana ikki aniq zarb bilan o‘yin taqdirini hal qildi. Tomas Tuxel davrida jamoaning eng ko‘p gol urgan futbolchisi (13 gol) bo‘lib turgan Haversning o‘yindagi ikkinchi goliga oqshom qahramonlaridan biri Jyeyms assistentlik qildi.

Liverpul — Vest Hem 1:0
Gol: Mane (27). 
Liverpul — Alisson, Aleksander-Arnold, Konate, van Deyk, Roberson, Fabino, Henderson, Keyta (Milner, 90), Dias (Jons, 90+6), Saloh (Jota, 79), Mane. 
Vest Hem — Fabyanski, Douson, Zuma, Kressuell, Jonson, Bouen (Binrahma, 54), Vlashich (Nobl, 61), Souchek, Lansini, Fornals, Antonio.
Ogohlantirishlar: Douson (31), Jota (89).

«Vest Hem» ko‘p vaqt kuchli to‘rtlikdagi o‘rnini saqlab turdi, ammo Devid Moyyes jamoasining zaxira o‘rindig‘i katta emas va bunday holatda yuqori pog‘onalarni saqlab qolish qiyinlashadi. Bu hafta o‘rtasida Angliya kubogi doirasidagi o‘yinda ham bilindi, londonliklar «Sauthempton»ga yutqazib, turnirni tark etishdi.

«Liverpul»ga qarshi turish yanada murakkab edi, jamoa himoyada yanada sergaklik bilan harakatlanishi talab etilardi. Ammo bu Aleksandr-Arnold uchun muammo tug‘dirmadi. U jarima maydoni ichida to‘pni egallagach, barcha zarba berishini kutganida to‘pni darvozabon hududida turgan Manega yetkazib berdi va hisob ochildi. Shu tariqa ushbu himoyachi o‘zining shaxsiy rekordini yangiladi, joriy mavsumda barcha turnirlar doirasidagi golli paslari sonini 16 taga yetkazdi.

Aleksandr Arnold barchasiga ulgurdi, raqib hududida vaziyatni keskinlashtirishga ham, o‘z jamoasi himoyasida ham katta ish bajardi. Tanaffus arafasida yakkama-yakka holatga chiqib borgan Vlashich to‘pni Alissonning ustidan oshirib tashlaganida, aynan u to‘pni darvoza chizig‘idan qaytarib yubordi. Ikkinchi bo‘limda esa u markaziy himoyaga yordamga yetib kelib, aql bovar qilmas podkatni amalga oshirdi va Lansinining harakatlarini yo‘qqa chiqardi. «Liverpul» qiyinchilik bilan g‘alabani va chempionlik poygasidagi intrigani saqlab qoldi.

«Arsenal» ko‘tarilishda davom etdi

Uotford – Arsenal 2:3
Gollar: 0:1 – 5 Edegor, 1:1 – 11 Ernandes, 1:2 – 30 Saka, 1:3 – 52 Martinelli, 2:3 – 87 Sissoko.
Uotford – Foster, Femeniya, Ketkart, Samir, Kamara, Sissoko, Kleverli (Kalu, 89), Luza (Kayyembe, 64), Ernandes, Dennis, Joao Pedro.
Arsenal – Remsdeyl, Soaresh, Gabriel, Uayt, Tirni, Djaka, Parti, Edegor (Xolding, 90), Lyakazett (Nketia, 80), Martinelli (Pepe, 73), Saka.
Ogohlantirishlar: Soaresh (58).

«Arsenal» tur yakunlariga ko‘ra maksimum natijaga erishgan jamoa bo‘ldi. Birinchidan, «kanonirlar»da shanba kungi o‘yinlarda yutqazgan «Vest Hem»ni quvib o‘tish imkoni yuzaga kelgandi. Ikkinchidan, «MYu» Manchester derbisida muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, kuchli to‘rtlikka kirishi mumkin edi. Ammo buning uchun ligada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan «Uotford»ni yengish talab etilardi.

Agar ilk daqiqalardayoq to‘pni darvozaga joylagan Dennisda ofsayd qayd etilmaganda, «asalarilar» o‘yin boshidayoq hisobda oldinga chiqib olgan bo‘lardi. Roy Hojson «Uotford» futbolchilarini qanday tayyorlagani o‘yin mobaynida ko‘rinib turdi va mehmonlarning Saka va Odegar ijrosidagi golidan keyingi quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi - Kucho Ernandes «qaychi» uslubidagi zarbasi bilan hisobni tenglashtirdi. Lekin bo‘lim davomida Saka baribir saviya borasidagi farqni ko‘rsatib qo‘ydi. U raqib jarima maydoni yaqinida to‘pni olib qo‘yib hujum boshladi, Lyakazett unga tovoni bilan to‘pni qaytarib bergach, uzoq masofadan kuchli va aniq zarba yo‘lladi.

Martinelli nomiga yozilgan uchinchi golda ham oqshom qahramoni ishtirok etdi — Saka qanotdan tezlik bilan autni amalga oshirib boshlagan hujum yakunida Lyakazett braziliyalik forvardni qulay vaziyatga chiqardi. Ammo Sissoko hisobni qisqartirgach, o‘yin oxirigacha londonlik muxlislar hayajonda ushlab turildi, hakamning o‘yin yakunlangani haqidagi hushtagi chalingach esa Mikel Arteta jamoasi bilan Chempionlar ligasi hududiga qaytdi. «Arsenal» asosiy raqobatchilari «MYu» va «Vest Hem»dan uchta kam o‘yin o‘tkazgan va oradagi farq yanada yiriklashishi mumkin.

«Manchester Siti» chempionlik poygasida yana «Liverpul»dan o‘zib ketdi.

Manchester Siti — Manchester Yunayted 4:1
Gollar: de Bryuyne (5, 28), Mahrez (68, 90+1) — Sancho (22). 
Manchester Siti — Ederson, Uoker, Laport, Stounz, Kanselu, Rodri, de Bryuyne (Gundo‘g‘an, 80), Bernardu, Grilish, Mahrez, Foden. 
Manchester Yunayted — De Xea, Van-Bissaka, Maguayr, Lindelyof, Telles, Fred, Maktominey, Pogba (Reshford, 64), Fernandesh, Sancho, Elanga (Lingard, 64).
Ogohlantirish: Maguayr (63).

Bir oydan ko‘proq vaqt oldin «Liverpul» ustozi Yurgen Klopp shunday degandi: «Sovrin uchun kurashish haqida gapirishning mavridi emas. Biz hozir «Manchester Siti»ni chiranishga majbur qiladigan holatdamiz deb o‘ylamayman». O‘shanda uning jamoasi Angliyaning amaldagi chempionlaridan 9 ochko ortda qolayotgandi, ammo o‘tgan vaqt davomida «Liverpul» tezlik oldi va raqibga yaqinlashdi - Gvardiola shogirdlari yanvar oyi oxirida «Sauthempton» bilan durang o‘ynadi (1:1), fevralda «Tottenhem»ga yutqazdi (2:3). «Liverpul» esa yangi yil boshidan buyon APL o‘yinlarida ochko yo‘qotmayapti.

Manchester derbisi arafasida sovrin uchun asosiy ikki davogar turnir jadvalida deyarli teng holatda edi — o‘yinlar soni bir xil bo‘lgan holatda «Liverpul» «Siti»dan faqat uch ochko ortda qolayotgandi.

Endi esa chempionlik poygasida ko‘p masalaga 10 aprel kuni,  «Manchester Siti» «Liverpul»ni qabul qilganida oydinlik kiritilishi ma’lum bo‘lmoqda. Ammo, o‘zaro uchrashuvga qadar mersisaydliklar chempionat yetakchisi ochko yo‘qotishiga umid qilishi kerak bo‘ladi. Shu tufayli yakshanba kungi o‘yinda jamoa muxlislari azaliy raqib — «Manchester Yunayted»ga muxlislik qilishdi.

Krishtianusiz
Ralf Rangnik jamoasida jiddiy kadrlar muammosi yuzaga kelgan. Varan va Shouda kovid aniqlangan, sevgilisi bilan mojaro tufayli Grinvud hamon tarkibga qaytarilmagan, Kavani va Krishtianu Ronalduda jarohat bor. Portugaliyalik futbolchi yo‘qligi qog‘ozda juda katta yo‘qotish bo‘lib ko‘rinadi, ammo u birinchi davradagi derbida o‘zini ko‘rsata olmagan, qolaversa 2022 yil boshidan buyon atigi bir gol urgan.

Kavani va Krishtianu yo‘qligida Rangnik Reshfordni tushirishi mumkin edi, ammo germaniyalik mutaxassis Gvardiola kabi taktika tanlashga qaror qildi va o‘yinni birorta nominal hujumchisiz boshladi. Lekin tarkiblar e’lon qilinganida markaziy forvard rolini Elanga bajarishi ma’lum edi — 19 yoshli shved joriy mavsumda ushbu pozitsiyada o‘ynab ko‘rgan.

Sxema bo‘yicha turli variantlar bor edi: masalan, 4-3-2-1 (archa) yoki 4-4-2 (maydon markazidagi romb). Ammo Rangnik Brunu Fernandeshni «aldamchi to‘qqizlik» sifatida o‘ynatib, 4-2-3-1 sxemasini tanlashga qaror qildi. Ammo bu g‘oya ish berdi deyish qiyin — portugaliyalik yarimhimoyachi ko‘p hollarda orqaroqdan ochildi. Shu bilan birga u to‘psiz holatlarda oldinroqdan joy olgan Pogba bilan yaxshi pressing qildi.

Sanchoning goli
Gvardiola tarkibda syurprizlar qilmadi. «Siti» hujumida barcha o‘z pozitsiyalarida harakatlandi, De Bryuyne esa yakkaxon ijrochi rolida. Belgiyalik futbolchi birinchi bo‘limdayoq dublni rasmiylashtirdi, ammo u bu bilan cheklanmadi — u o‘yin oxirigacha barcha yo‘nalishlarda faollik ko‘rsatib hujumlar uyushtirdi.

«MYu»da Elanga va Van-Bissaka qanoti ochiqchasiga kuchsiz o‘ynadi. De Bryuynening ikki goli ham shu tomondan amalga oshirildi.

Lekin «Yunayted» o‘yinini ham umidsiz deb atab bo‘lmasdi. Mehmonlar ham qanotlardan faol foydalanishdi, faqat «Siti» ixcham himoyalandi va o‘z jarima maydoni ichida raqibga ish qoldirmadi. Sanchoning goli — istisno. Angliyalik futbolchi sobiq jamoasi darvozasiga urgan golini nishonlamadi.

Sanchoning goli De Bryuynening ikki aniq zarbasi oralig‘ida ro‘y berdi, ammo «Siti» birinchi bo‘limda yana gollar urishi mumkin edi — De Xea bir necha bor qutqardi.

«MYu»ning tor-mor etilishi
O‘yindan oldin Gvardiola Rangnikni maqtagan va uni «gegenpressing otasi» deb alqagandi. Bu laqab yangi emas — ushbu mutaxassis doimo faol qarshi pressing timsoli sifatida qaraladi. Ammo «MYu» hozircha Ralf davridagi «Hoffenhaym» va «Leypsig» kabi kuchli pressing bilan o‘ynay olmayapti.

Gvardiola esa Rangnikning g‘oyalari butunlay boshqacha futbol o‘ynashga o‘rgatilgan jamoaga qarshi ishlamasligini namoyish etib berdi. Ikkinchi bo‘limda «MYu»ning o‘yinida kuchayish bo‘lmadi, nemis mutaxassisning nimanidir o‘zgartirishga bo‘lgan urinishlari behuda ketdi — u Lingard va Reshfordni maydonga chiqardi, ammo oldingi chiziqdagi Fernandeshni o‘yindan oldi. Ammo bu o‘zgarishlar «Yunayted» o‘yinini kuchaytirmadi.

«Siti» esa o‘yinini kuchaytirishiga hojat yo‘q edi. Uchinchi gol urilishi uchun burchak zarbasi belgilanishi yetarli bo‘ldi va De Bryuyne jarima maydoniga kirib kelayotgan Mahrezni ideal pas bilan ta’minladi.

«MYu» yirik hisobda yutqazishga loyiq darajada yomon o‘ynamadi. Ammo «Siti» vaziyatlardan foydalanishda ajoyib harakat qildi. Qo‘shimcha daqiqalarda Mahrez De Xeani yana bir bor to‘pni darvozadan olib chiqishga majbur qildi, videotakrordan keyin jazoirlik futbolchi ofsaydda bo‘lmagani qayd etilib, gol inobatga olindi.

4:1 — «Siti» «Liverpul»ga hech qanday bosim his qilmayotganini ko‘rsatdi. «MYu» esa yana ochkosiz qoldi va turnir jadvalida Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi o‘rindan tushib ketdi.

Top