12:22 / 07.03.2022
12718
Toshkentda Spark yo‘liga chiqib ketgan Matiz haydovchisini ko‘pchilik bo‘lib do‘pposlaganlar qamoqqa olindi

Mushtlashuv natijasida Matiz haydovchisining jag‘i va tishlari singani aytilmoqda.

Toshkent shahar IIBBning ma’lum qilishicha, hodisa 20 fevral kuni tunda sodir bo‘lgan. Chilonzor tumanining Qatortol ko‘chasidan Muqimiy ko‘chasi tomon harakatlanayotgan Matiz rusumli avtomobil ortdan kelayotgan Spark mashinasining yo‘liga chiqib ketadi. Spark haydovchisi to‘qnashuvga chap berishga ulguradi, biroq sheriklari g‘azab otiga minib, YTH xavfini yuzaga keltirgan Matiz haydovchisini do‘pposlashadi.

«Soat o‘n ikkilarda Chilonzor tumani II dahasida chorrahadan burilayotganimizda kulrang Matiz yo‘limizni siqib qo‘ydi. Uni quvlab yetib to‘xtatdik. Shundan keyin haydovchi bilan urishib ketdik. Men uning bosh va yuz qismiga urdim. Og‘aynim tepdi. Siqib qo‘ygani uchun jahl ustida urvordim. Qilgan ishimizdan afsusdamiz», deya ko‘rsatma bergan Spark haydovchisi.

«Matiz haydovchisi uchinchi qatordan to‘g‘ri birinchi qatorga yurvordi. Biz “avariya”dan zo‘rg‘a olib qochdik. Jahl ustida shu ishni qilib qo‘ydik. Afsusdamiz», deydi mushtlashuvda ishtirok etgan Spark’dagi yo‘lovchilardan biri.

Jarohat olgan Matiz haydovchisi 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, holat haqida xabar beradi. Tezkor surishtiruv ishlari natijasida mushtumzo‘rlar topilib, ularning shaxsiga aniqlik kiritiladi.

«Tibbiyot ma’lumotnomasiga ko‘ra, jabrlanuvchining pastki jag‘ sohasi hamda ikkinchi va uchinchi tishlari siljib sinishi jarohatlari mavjudligi aniqlangan. Ro‘y bergan holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi “b” bandida ko‘zda tutilgan, ya’ni bosqinchilik, o‘zganing mol-mulkini hayot uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatish yoki hujum qilib talon-toroj qilish jinoyati alomatlari mavjudligi sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atilib dastlabki tergovga kirishilgan», deydi tergovchi Ulug‘bek Rahmatullayev.

Toshkent shahar IIBBning xabar berishicha, ayni paytda qonunbuzarlar ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan va tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid
Top