07:17 / 08.03.2022
3191
2021 yilda sodir etilgan jinoyatlarning 11 foizi fosh etilmagan – Senat

Ta’kidlanishicha, o‘tgan yili 98 776 ta jinoyat fosh etilgan.

Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 7 mart kuni bo‘lib o‘tgan majlisida ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi to‘g‘risidagi 2021 yil yakuni bo‘yicha axboroti muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, 2021 yilda sodir etilgan jinoyatning 89 foizi, ya’ni 98 776 tasi fosh etilgan. Qidiruvdagi 4 615 nafar shaxs ushlangan, bedarak yo‘qolgan 507 nafar shaxs topilgan.

IIVga ko‘ra, 2021 yilda 2 639 ta mahallada jinoyat sodir etilmagani, 3 628 tasida jinoyat sodir etilishi kamaygan. 2021 yilda 84 100 ta jinoyat sodir etilgan, jinoyatchilik ko‘rsatkichi har 100 ming aholiga o‘rtacha 243,4 tadan to‘g‘ri kelgan.

Senatorlarning fikricha, ichki ishlar organlari faoliyatida muayyan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud.

Avvalroq, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov 2021 yilning birinchi yarmida respublikadagi 9251ta mahallaning 4559tasida, ya’ni qariyb yarmida jinoyat sodir etilmaganligini ma’lum qilgandi.

IIV mulozimi Baxtiyor Berdialiyev 2021 yilning 10 oyida profilaktika inspektorlari tomonidan respublika bo‘yicha 4300 dan oshiq jinoyat fosh etilgani, 3922 ta jinoyatning oldi olingani, qidiruvda bo‘lgan 290 nafar shaxs ushlangani, bedarak yo‘qolgan 81 nafar shaxs topib olib kelinganini aytgandi.

2020 yil O‘zbekistonda 62 mingta jinoyat sodir etilib, ulardan 4,5 mingtasi ochilmay qolgani ochiqlangandi.

Top