17:49 / 09.03.2022
1420

Andijonda aliment va kommunal to‘lovlari uchun undirilgan 172 mln so‘mni o‘zlashtirgan sobiq hisobchi qo‘lga olindi

Foto: KUN.UZ

Bank-kliyent dasturiga soxta ma’lumotlar kiritish orqali aholidan aliment va kommunal to‘lovlari uchun undirilgan 172 mln so‘m o‘zlashtirilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Andijon tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, tuman pochta aloqa bog‘lanmasi sobiq bosh hisobchisi K.A. va boshqalar o‘zaro til biriktirib, bank-kliyent dasturiga soxta ma’lumotlar kiritish orqali aholidan aliment va kommunal to‘lovlari uchun undirilgan 172 mln so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq, Andijonda ishga va o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 32 000 AQSh dollari olgan firibgarlar ushlanganligi xabar qilingan edi.

Top