07:24 / 09.03.2022
23055
Apple’ning 8 mart taqdimotida nimalar namoyish etildi?

Kecha, 8 mart kuni Apple’ning joriy yildagi ilk tadbiri o‘tkazildi, taqdimot marosimi yana onlayn formatda bo‘lib o‘tdi. Unda kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan yangi gadjetlar namoyish etildi.

Foto: iphones.ru

Tadbirning ochilish marosimini qisqacha kirish so‘zi bilan boshlagan Tim Kuk Apple TV+ yangiliklar haqida gap ochdi. U strim servisning qo‘lga kiritgan mukofotlari va nominatsiyalarini sanab o‘tdi. E’tiborli tarafi, bor-yo‘g‘i uch yil avval start olgan servis eng nufuzli jahon kinomukofotlari va sovrinlarini qo‘lga kiritayotgan kontent yaratmoqda.

So‘ngra, bir necha yangi filmlar, to‘liq metrajli multfilm va AQShdagi beysbol matchlari translatsiyasi anonsi namoyish etildi.

iPhone 13 endi yashil tusda

Birinchi bo‘lib taqdim etilgan yangilik yashil tusda ishlab chiqarilgan iPhone 13 bo‘ldi. An’anaga muvofiq, yangi rang smartfonlarning faol qatoriga bahorda qo‘shilmoqda. Yangi rangda Apple smartfonlarining o‘n uchinchi qatorining barcha modellari ishlab chiqariladi.

Foto: iphones.ru

Top «masalliq»li uchinchi avlod iPhone SE smartfoni

«Yashillashgan o‘n uchlik»dan so‘ng taqdimotning eng kutilayotgan yangiligiga navbat berildi. Apple smartfonlari ichida eng hamyonbop va hammabopi nihoyat yangilangan holda ishlab chiqarildi.

Foto: iphones.ru
  • Ko‘p ham mo‘jiza ro‘y bermagan, gadjetni tashqi ko‘rinishidan iPhone SE 2020 yoki iPhone 8 dan farqlab bo‘lmaydi. Unda o‘sha 4,7 dyuymli ekran va uning ostida Touch ID bor. Plus yoki Max singari kattalashgan versiyasi yoki Face ID identifikatsiya tizimini joriy qilishmagan.
  • Yaxshigina tanilgan korpus sirti iPhone 13 smartfonlar qatori singari Ceramic Shield qoplamasi bilan qoplangan.
  • Biroq yangi telefonning «masallig‘i» top, hisoblash quvvatiga A15 Bionic flagman protsessori «javobgar». Bu protsessor esa qurilmani iPhone 8ga nisbatan 26 barobar kuchliroq qiladi.
  • Qurilmaning kamerasi ham yaxshilangan, bu avvalo aynan yangi protsessor tufayli. Smartfon fotografik stillar va Deep Fusion’ni qo‘llaydi.
  • Kutilganidek, qurilma 5G tarmoqlariga ham ulana oladi.
  • Yangi iPhone SE 2022 narxi AQShda 429 dollardan boshlanadi. Sotuvlarning boshlanishi 18 martga mo‘ljallangan.

 

Beshinchi avloddagi, M1 chipiga ega iPad Air

Kutilganidek, iPad’ning «havo» qatori ham yangilanishlarga ega bo‘ldi. Biroq muxlislar kutganiga ters o‘laroq, 5-avloddagi Air yangi plansheti top iPhone’lardagi A15 Bionic chipiga emas, o‘ta kuchli Apple M1 protsessoriga ega bo‘ldi. Ular bazaviy noutbuklar va so‘nggi avloddagi iPad Pro’larda qo‘llanilgan.

Foto: iphones.ru
  • Qurilmaning ishlash qobiliyati oldingisiga nisbatan 2 barobarga oshgan. Yangi «masalliq» iPad Air’ni bugun sotilayotgan Windows-noutbuklarning aksariyatidan tezroq ishlashini ta’minlaydi.
  • Planshetning frontal kamerasini ancha-muncha yaxshilashgan. Endi unda 12 megapikselli Center Stage fishkasini qo‘llovchi sensor bor.
  • Type-C ulanish porti 2 barobar tezlashdi va ma’lumotlarni 10 Gbit/s tezlikda uzata oladi.
  • Planshet besh xil tusda taklif etiladi: qora, oq, tillarang, nilufar rang va dengiz to‘lqini rangida.
  • 64 GB dan 256 GBgacha bo‘lgan xotirada taqdim etiladi.
  • Yangi iPad Airning narxi AQShda 599 dollardan boshlanadi va 18 martdan sotuvga chiqadi.

Apple’ning eng top chipi. M1 Ultra yangi protsessori

Mac yangi kompyuterlari namoyishi oldidan Tim Kuk va kompaniya Apple’ning yangi yuqori unumdorlikka ega protsessori haqida so‘zlab berishga qaror qilishdi. U M2 deb nomlanmadi, birinchi avloddagi ARM-chiplar qatoridagi eng kuchli protsessor — Apple M1 Ultra deya ataldi.

Foto: iphones.ru
  • U 5 nanometrli texnik jarayon bo‘yicha ishlangan va 114 milliard tranzistordan iborat. Bu eng bazaviy M1 chipidagidan 7 barobar ko‘p. Aslida, yangi protsessor M1 Max chipining qo‘shalog‘i desa ham bo‘ladi.
  • M1 Ultra 20 ta protsessor yadrosi va 64 videoyadroga ega. U 128GB birlashtirilgan xotiraga ega.
  • Chip bir necha oqimda ProRes’ni qayta ishlashni osongina eplaydi va soniyasiga 22 trillion operatsiya bajaradi.

Yangi protsessorning ishlab chiqarish unumdorligi va energiya samaradorligi bozordagi juda ko‘p raqobatdosh chiplardan yaxshiroq bo‘lishi kutilmoqda.

Yangi M1 Ultra chipidagi Mac Studio

Apple stol kompyuterlari qatorida Mac mini va Mac Pro oralig‘idagi yechim paydo bo‘ldi. Bu yangi M1 Ultra protsessorida ishlovchi, mutlaqo yangi statsionar Mac Studio kompakt kompyuteridir (uning eski M1 Max chipidagi modifikatsiyalari ham bor).

Foto: iphones.ru

Gabaritlariga ko‘ra, qurilma Mac mini qatoridagilarga o‘xshash, lekin «mini»dan sezilarli darajada balandroq. Uning sirti alyuminiydan ishlangan.

  • Kompyuter ko‘p sonli ulanish nuqtalariga ega: 4 ta USB-C/Thunderbolt 4 porti, 2 ta USB-C 3 porti, 2 ta USB 3.0 porti, 10 Gbit/sek tezlikni ta’minlovchi Ethernet va HDMI. Tabiiyki, quloqchinlar uchun 3.5 mm.lik portni ham unutishmagan.
  • Qurilma Wi-Fi 6 va Bluetooth 5.0 modullari bilan ta’minlangan.
  • Bortga 8 TB hajmli SSD va 128 GB gacha bo‘lgan operativ xotira o‘rnatish mumkin.

Yangi Mac Studio’ning quvvati chindan ham hayratlanarli. Kompyuter shu vaqtgacha ishlab chiqarilgan iMac qatoridagi qurilmalarning barchasini ortda qoldiradi. CPU quvvati bo‘yicha Apple’ning yangi kompyuteri aktual Mac Pro’ning top konfiguratsiyalaridan 80 foizga ustunlik qiladi.

Darvoqe, taqdimot nihoyasida eplchilar Mac Pro ham yangilanishiga shama qilishdi, lekin bunisi Apple’ning boshqa tadbirida yuz bersa kerak.

Yangi Mac Studio’ning narxi AQShda (M1 Max protsessori bilan) 1990 dollardan va (M1 Ultra protsessori bilan) 3990 dollardan boshlanadi. Sotuvlar 18 martda start oladi.

Yangi Mac Studio uchun Studio Display monitori

Yangi Mac Studio uchun maxsus 27 dyuymli 5K displey ishlab chiqilgan. Tabiiyki, u Apple’ning boshqa kompyuterlariga ham tushadi.

Foto: iphones.ru
  • Bu monitor DCI-P3 va True Tone texnologiyalarini qo‘llaydi va 24 dyuymli iMac aktual qatori stilida ishlangan.
  • Bazaviy model 30 gradusgacha bo‘lgan diapazonda burilish imkoniyatiga ega. Monitorni balandlik bo‘yicha sozlashga yordam beruvchi qurilmani alohida xarid qilish mumkin.
  • Displeyning old panelida Center Stage opsiyasini qo‘llovchi 12 megapikselli frontal kamera o‘rnatilgan.
  • Displey ichida qurilmaning audiotizimi ishlashini ta’minlovchi A13 Bionic chipi o‘rnatilgan.
  • Studio Display o‘tkazish qobiliyati 10 Gbit/s bo‘lgan, to‘g‘ridan to‘g‘ri quvvatlashni qo‘llovchi uchta Thunderbolt/USB-C ulanish nuqtasi o‘rnatilgan.
  • Yangi Studio Display ning narxi AQShda standart konfiguratsiyada 1599 dollardan, matritsaning nano teksturaga ega qoplamali modellari uchun 1899 dollardan boshlanadi.

Shu bilan taqdimot nihoyalandi. Qariyb 1 soat davom etgan tadbirda Kuk va uning kompaniyasi ko‘plab qiziqarli yangiliklarni namoyish etishdi. Ekologiya, nolga teng uglerod izi va Android’dagi raqobatchilar haqida minimum darajada gap ochildi.

Top