20:13 / 09.03.2022
13678
"Ota-onamni chet elga olib boraman" - 12 yoshida elektronika jihozlarini ta’mirlaydigan usta qiz

Amudaryolik Zilola Qazaqboyeva 12 yoshda. U tumandagi 1-maktabning 6-sinfida o‘qiydi. O‘qishdan bo‘sh vaqtlari elektronika jihozlarini ta’mirlaydi.

"Ta’tilda ustaxonaga kelib, ota-onamga yordam beraman. Changyutgichlarni ochib, tayyorlab beraman. Bog‘chadaligimdan ustaxonaga kelaman. Hozir jihozlarni o‘zim mustaqil ochib, sozlay olaman. Uydagi elektronika qurilmalari buzilib qolsa ham ta’mirlayveraman. Ko‘chada o‘ynagim kelmaydi. Tashqarida bekorchi bo‘lib yurish yoqmaydi. Uning o‘rniga ustaxonaga kelib ish o‘rganganim yaxshi.

Tasviriy san’at bilan adabiyotga qiziqaman. Ona tili fani uncha yoqmaydi. Matematika va ingliz tilidan kursga boraman. Katta bo‘lsam, jurnalist bo‘lmoqchiman. Ota-onamni chet elga olib boraman", - deydi 12 yoshli usta qiz.

Ustalar oilasi kuniga 10-15 elektronika qurilmalarini ta’mirlaydi. Shuning orqasidan oilaning daromadi ham anchagina.

“Qizim esini taniganidan beri shu sohaga qiziqadi. Men ham shu sohadaligim uchun uyda ham ko‘p ish buyuraman. Uyda nimadir buzilib qolsa, asosiy yordamchim - shu. Katta qizim turmushga chiqib ketdi. Kichik qizim yonimda yordamchi. Hozir ustaxonaga kelib ham barchasini o‘rganyapti", - deydi Zilolaning onasi Nilufar Yavkasheva.

Qazaqboyevlar oilasining barcha a’zosi elektronika jihozlarini ta’mirlaydi. Oilada jami 5 kishi bor. Oila boshi Ergash Qazaqboyev ustachilikni 2014 yili boshlagan. Shundan keyin eri yoniga ayoli Nilufar Yavkasheva ham qo‘shildi. Yosh Nilufardan tashqari uning ikki akasi Doniyor va Diyorbek ham ustachilik bilan shug‘ullanishadi.

Top