Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Payariq tumanida boshqaruvni yo‘qotgan mashina jarlikka qulab tushgani haqida xabar tarqaldi. Viloyat IIB YHXB hodisa yuzasidan munosabat bildirdi.

Foto: IIB YHXB
Ma’lum qilinishicha, 2022 yil 17 fevral kuni soat 15:30larda 1994 yilda tug‘ilgan X.R. o‘ziga tegishli Lacetti mashinasi bilan 4R-46 yo‘lining Past Darg‘om tumanidan o‘tuvchi 16-kilometrida kelayotgan vaqtda, old tomonida ketayotgan mashinani noto‘g‘ri quvib o‘tishga uringan.
Oqibatda u boshqaruvni yo‘qotgan va mashina yo‘lning o‘ng tomonidagi ariqqa tushib ketib YTH sodir qilgan.
Qayd etilishicha, mashinada haydovchining o‘zi bo‘lgan va u yengil jarohat olgan. Unga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozirda hodisa yuzasidan Past Darg‘om tuman IIB YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.