17:07 / 10.03.2022
20520
Kiyev Rossiyaning talablariga rozi emas - Ukraina tashqi ishlar vaziri

“Ukraina taslim bo‘lmadi, taslim bo‘lmayapti va taslim bo‘lmaydi”, dedi Dmitriy Kuleba.

Foto: TASS

Rossiya, Ukraina va Turkiya tashqi ishlar vazirlari Antalyadagi uchrashuvda o‘t ochishni to‘xtatish va gumanitar muammolarni hal qilish yo‘llarini izlashga kelishib oldi. Bu haqda Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba ma’lum qildi.

“Biz gumanitar muammolarni hal qilish uchun o‘t ochishni to‘xtatish masalasini ko‘tardik. Mazkur masalada oldinga siljish bo‘lmadi, aftidan, Rossiyada bu boradagi qarorni boshqa odamlar qabul qiladi”, – dedi Kuleba.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar gumanitar masalalarni hal qilish yo‘llarini izlashga kelishib olgan.

Kuleba Antalyaga ikkita maqsadda – Mariupoldan evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘lak tashkil etish va 24 soatlik sulhga erishish uchun kelganini aytdi.

“Biz diplomatiyaga tayyormiz, diplomatik yechim izlayapmiz, ammo bu hozircha yo‘q, biz o‘zimizni qurbon qilib yerimizni himoya qilishda davom etamiz”, – dedi u.

Kulebaning qo‘shimcha qilishicha, Kiyev Rossiya ilgari surgan talablarni bajarmoqchi emas.

“Ukraina taslim bo‘lmadi, taslim bo‘lmayapti va taslim bo‘lmaydi”, – ta’kidladi u.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top