16:21 / 10.03.2022
6620
O‘n bir yillik «snos»: kim haq-u kim nohaq

Andijon viloyati Asaka tumanidagi Fayziobod va Qondi mahallalaridagi xonadonlar yo‘l kengayishi sabab 2011 yil «snos»ga tushadi. Biroq 180 ta xonadondan bir nechtasiga yer ajratilmasdan qoladi.

Kun.uz tahririyatiga mazkur muammo bo‘yicha fuqarolar murojaat yo‘llashdi. Murojaatni o‘rganish uchun muxbirlar ikki mahallaga tashrif buyurdi.

Aniqlanishicha, 2011 yil 7 noyabr kungi Asaka tuman hokimligining tegishli qaroriga asosan 180 ta fuqarolarga 6 sotixdan yer ajratilishi qayd etilgan. Biroq negadir ro‘yxatda bo‘lishiga qaramasdan Sardorbek Abdulhamidovga joy ajratilmaydi.

“2011 yili yerimdan 2.5 sotix ketgan. Qolaversa, bizga tegishli bo‘lgan yerdan katta ko‘chaga chiqish uchun yo‘l ajratilgan edi. Shuni inobatga olib, hokimiyat vakillari bizga yer berish bo‘yicha ariza yozdirib olishgan. Biroq arizam o‘tmaganini, bizga joy ajratilmaganini aytishgan. Oradan vaqt o‘tib, bizning nomimizga ham yer ajratilganini va qarorlarini topdik. Qaror bo‘yicha ajratilgan yerni so‘rab tuman hokimligiga, tuman kadastr bo‘limiga bir necha marotaba murojaat qildik. Ammo murojaatlarimiz samarasiz bo‘lmoqda” – deydi S.Abdulhamidov.

Bundan tashqari, xuddi shunday Qondi mahallasida istiqomat qiluvchi G‘ayratbek Ismoilovga ham ajratilgan yer uchastkasi o‘z egasiga berilmagan.

“Shu yer qolgan bizga. Ikkita o‘g‘lim bor, ikkita qizimning turmushi bo‘lmasdan qaytib kelgan. Mehmon kelsa, kutib olgani joyimiz yo‘q. Qaror bo‘yicha ajratilgan yerni berishganda G‘ayratbekni o‘sha yerga chiqarardim. Avgustdan beri bir necha marotaba murojaat qildik”, – deydi biz bilan suhbatda G‘ayratbek Ismoilovning onasi Shakarxon Ismoilova.

Hokimiyat vakili o‘n bir yil oldingi «snos» sabab yer ololmagan fuqarolar bo‘yicha ma’lumotga ega ekanligini, muammoni yechish maqsadida yer ko‘rsatilgani biroq murojaatchilar bundan qanoatlanmayotganini ta’kidladi.

“Biz ikki murojaatchiga ham yer ajratish bo‘yicha joylarni ko‘rsatdik. Biroq ular biz ko‘rsatgan joylarni xohlashmadi. O‘zlari yashab turgan hududdan yer kerakligini ta’kidlashgan. Biz o‘zimiz auksion orqali yerni yutib ularga taqdim etamiz. Ular tanlagan joy esa ekin maydoni. Qonunchilikka muvofiq, ekin maydonidan turar joy uchun yer ajratish mumkin emas” deydi Asaka tuman hokimligi bosh mutaxassisi Alisher Ermatov.

So‘nggi yillarda murojaatlariga bir xilda javob olavergan fuqarolar va tuman hokimligi o‘rtasidagi bu «snos» masalasi ijobiy yechim topilishidan umid qilib qolamiz.

Kun.uz mavzuga yana qaytadi.

Abduvali Qurbonov kun.uz muxbiri.

Tasvirchi va montaj ustasi Azizbek Ismoilov.

Top