00:03 / 10.03.2022
22708
Putin muddatli harbiy xizmatchilar Ukrainaga yuborilgani bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishni buyurdi
Foto: TASS

Rossiyalik muddatli harbiy xizmatchilar ham Ukrainadagi harbiy harakatlarga jalb etilgan. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.

«Afsuski, Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyada Rossiya qurolli kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotganlar ham ishtirok etayotgani bilan bog‘liq bir nechta faktlar aniqlandi. Ularning deyarli barchasi Rossiyaga qaytarilgan. Logistik yordam vazifasini bajarayotgan bo‘linmaga qilingan hujum oqibatida bir guruh harbiy xizmatchilar, jumladan, muddatli harbiy xizmatchilar ham asir tushgan.

Ayni damda muddatli harbiy xizmatchilarni jangovar harakatlar borayotgan hududlarga yuborishning oldini olish va asir tushganlarni qutqarish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda», deyilgan Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotida.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin muddatli harbiy xizmatchilarning Ukrainaga yuborilishi holatini tekshirish bo‘yicha harbiy prokuraturaga ko‘rsatma bergan. Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskovning aytishicha, Putin harbiy harakatlarga muddatli harbiy xizmatchilarni yuborish qatiyan man etilishi bo‘yicha ko‘rsatma bergan va buyruq bajarilgani haqida hisobot qabul qilgan.

«Maxsus harbiy operatsiya boshlanishidan avval prezident muddatli harbiy xizmatchilarni Ukrainadagi har qanday vazifaga yuborish taqiqlanishi to‘g‘risida ko‘rsatma bergan edi. Unga buyruq bajarilgani haqida hisobot berishgan. Prezident topshirig‘i bilan bu buyruqni bajarmaganlarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun Bosh harbiy prokuraturaga kerakli materiallar yuborilgan», dedi Peskov.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 8 mart kuni ayollarni tabriklab yo‘llagan videomurojaatida Ukrainadagi harbiy harakatlarda muddatli harbiy xizmatchilar ishtirok etmayotgani va ishtirok etmasligini aytgandi.

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top