22:09 / 10.03.2022
104869

Putin - sanksiyalar, energiya narxlari va Rossiyani tark etgan kompaniyalar haqida

Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumat a’zolari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilish davomida u Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalar, mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat, jahon bozorida energiya resurslari narxi ko‘tarilishi borasida fikr bildirdi.

Foto: RIA Novosti

Sanksiyalar haqida

Putin Rossiyaga qarshi sanksiyalar baribir kiritilishiga shubha qilmaganini aytdi.

"Hech shubham yo‘qki, bu sanksiyalar baribir kiritilgan bo‘lardi. U yoki bu tarzda. Sanksiyalar ko‘p yillar davomida kiritilib kelgani kabi", – dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hattoki sovet ittifoqi parchalangandan keyin ham cheklovlarning amal qilishi to‘xtamagan.

"Ular Rossiyaga nisbatan to‘xtovsiz amal qilgan. Sovet ittifoqi respublikalarining sovet davrida olgan avvalgi kreditlarini to‘latish uchun rohatlanib pul olishgan", – dedi Putin.

"Sanksiyaviy bosim har doim bo‘lgan. Ha, albatta, hozir u kompleks tusga ega va biz uchun ma’lum bir masalalar, muammo, qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Ammo biz bu qiyinchiliklarni avval ham yengganmiz, hozir ham yengamiz. Bu davrdan o‘tib olish kerak. Iqtisodiyot yangi vaziyatga moslashadi", – dedi u.

G‘arb mamlakatlarida energiya narxining ko‘tarilishi haqida

G‘arbda energiya resurslari narxi o‘zlarining xatolari sababli o‘smoqda, dedi Putin.

"U yerda narxlar bizning aybimiz bilan emas, o‘zlarining xatolari sababli o‘smoqda, aybni bizga ag‘darishning keragi yo‘q", – dedi u.

Putin AQSh Rossiyadan energiya resurslarini import qilishni to‘xtatgani va narxlar ko‘tarilishida Rossiyani aybdor qilayotganini ta’kidladi.

"Bu Qo‘shma Shtatlarda neft va neft mahsulotlari narxi oshishiga ham tegishli. Rossiya neftini import qilishni to‘xtatishganini e’lon qilishdi, narxlar osmonda, inflatsiya yuqori. Tarixiy maksimumga yetdi. Amerika bozoridagi ulushimiz 3 foizdan oshmaydi, bu juda kam, narxlar esa o‘smoqda, bunga aloqamiz yo‘q", – dedi Rossiya prezidenti.

AQShning Eron va Venesuelaga munosabati haqida

Putinning so‘zlariga ko‘ra, hozir AQSh o‘zi ilgari sanksiyalar kiritgan Eron va Venesuela bilan energiya resurslari bo‘yicha shartnoma imzolashga urinmoqda.

"Bir vaqtlar o‘zlari noqonuniy cheklovlar kiritgan mamlakatlar bilan nima bo‘lmasin kelishishga urinishmoqda. Eron bilan ham yarashishga, zudlik bilan barcha hujjatlarni imzolashga tayyor. Venesuela bilan ham. Kelishish uchun Venesuelaga borishdi. Ammo bunday noqonuniy sanksiyalarni kiritmaslik kerak edi", – dedi u.

U Rossiya bilan ham shunday bo‘lishiga ishonch bildirdi.

"Biz bilan ham shunday bo‘ladi. Bunga aslo shubha qilmayman", – dedi Putin.

Rossiya bozorini tark etgan kompaniyalar haqida

Vladimir Putin Rossiya bozorini tark etishini e’lon qilgan kompaniyalarga nisbatan tashqi boshqaruv joriy etilishini ma’qulladi.

Hukumat a’zolari yig‘ilishida mamlakat bosh vaziri Mixail Mishustin xorijlik mulkdorlar kompaniyalarini asossiz yopgan taqdirda hukumat ularga nisbatan tashqi boshqaruv joriy etishni taklif qilishini aytdi.

"Mulkdorning qaroridan kelib chiqib korxonaning kelgusi taqdiri aniqlanadi. Bunda tashkilot faoliyat yo‘nalishi va ish o‘rinlarini saqlab qolish asosiy vazifa bo‘ladi", – dedi Mishustin.

Putin bunga javoban Rossiya barcha xorijlik hamkorlar bilan ishlashga tayyorligini, Rossiyada qolayotgan xorij investorlari va hamkorlarining huquqlari ishonchli himoya qilinishi kerakligini ta’kidladi.

"Rossiyada qolayotgan va ishlayotgan xorijlik investorlar va hamkasblarimizning huquqlari ishonchli himoya qilinishi lozim. Hukumatdan buni e’tibordan qochirmasligini so‘rayman", – dedi Rossiya prezidenti.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top