10:14 / 10.03.2022
11873
Surxondaryoda Mirzo Ulug‘bek davriga oid xazina topildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatidagi To‘palang daryosi qirg‘og‘idan Mirzo Ulug‘bek xazinasi topilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat prokuratura organlari tomonidan o‘rganilgan.

Foto: AOKA_Surxondaryo

Ma’lum qilinishicha, 2022 yil 2 mart kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidan oqib o‘tuvchi To‘palang daryosi qirg‘og‘idan mahalliy aholi tomonidan mis tangalar topilgan.

3 mart kuni Madaniy meros agentligi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, Termiz arxeologiya muzeyi vakillari tomonidan mahalliy aholidan 512 dona mis tangalar belgilangan tartibda olinib, Termiz shahridagi Arxeologiya muzeyi fondiga topshirilgan.

Prokuratura organlari tomonidan soha vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganish davomida qo‘shimcha ravishda 620 dona mis tanga va 1 dona shaxmat donasi ixtiyoriy ravishda olinib, muzey fondiga topshirilishi ta’minlangan.

Bundan tashqari, viloyat prokuraturasi, madaniy meros boshqarmasi hamda arxeologiya muzeyi xodimlaridan iborat tarkibda maxsus ekspeditsiya tashkil etilib, hozirda xazina topilgan hududda qazishma ishlari olib borilmoqda. 9 mart kuni ekspeditsiya vakillari tomonidan yana 4 dona mis tanga topilgan.

Arxeolog olimlarning dastlabki xulosasiga ko‘ra, topilgan ashyolar Mirzo Ulug‘bek hukmronligi (XV asr) davrida zarb etilgan pul tangalarining shu kunga qadar topilgan eng katta va yaxshi saqlangan madaniy meros xazinasi hisoblanadi.

Qayd etilishicha, hozirda ushbu manzilda qidiruv ishlari davom ettirilmoqda va bu Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.

Mavzuga oid
Top