07:40 / 10.03.2022
9303
Toshkentda 783 mln so‘m kreditga kriptovaluta sotib olgan fuqarolar aniqlandi

Mirobod tumanida kredit mablag‘lari evaziga kriptovaluta sotib olgan fuqarolar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Foto: Getty Images

Qayd etilishicha, departamentning Mirobod tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Fuqarolar M.N., M.Sh. va M.X. tumandagi tijorat bankidan o‘zi va tanishlari nomiga 783,6 mln so‘m kredit ajratishga erishib, kredit mablag‘ini talon-toroj qilgani, shuningdek, ushbu mablag‘ evaziga “B.” nomli birja ilovasi orqali 36 000 AQSh dollarini “kriptovaluta savdosi”ga tikkani hamda “Spark” va “Jyentra” avtomashinalarini sotib olib, jinoiy faoliyatdan olingan mulkni legallashtirgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ma’lum qilinishicha, hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top