11:40 / 12.03.2022
14972
Andijonliklar Kegeylini obod hududga aylantirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegeyli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga yaqindan yordam berish Andijon viloyati faollariga yuklatilgan. Hozirda viloyat mutasaddilari, tadbirkor hamda fermerlar ushbu hududda keng ko‘lamda faoliyat olib bormoqdalar.

Foto: Andijon viloyati hokimligi

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Kegeyli tumanida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, mas’ullarga maslahat, tavsiya va ko‘rsatmalar berib bormoqda. Mazkur hududda andijonlik tadbirkorlar tomonidan 2022-2023 yillar davomida umumiy qiymati 604 milliard so‘m bo‘lgan 23 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar hisobiga 1700 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Viloyat rahbari «Sabo hamkor» MChJga qarashli zamonaviy «Nethouse» yozgi issiqxona va logistika markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Tumanda andijonlik tadbirkor tomonidan 5 milliard so‘m mablag‘ evaziga bir vaqtning o‘zida 150 kitobxonga foydalanish imkoniyatini beruvchi kutubxona qurilishi bilan tanishdi.

Shuningdek, Shuhratbek Abdurahmonov tumanning Xalqobod mahallasidagi xonadonlarda bo‘ldi. Hozirda ushbu hududdagi oilalarga "Munavvaroy Agro Klaster" MChJ tomonidan tuxumga kirgan 2 ming bosh tovuq tarqatilib, yana 8 ming bosh tovuqni yetkazish choralari ko‘rilmoqda. Ushbu klaster korxonasi tomonidan tovuqlar ozuqasini o‘z vaqtida yetkazib berish, veterinar xizmatini yo‘lga qo‘yish va tuxumlarini qayta sotib olish tizimi yaratildi. Xonadonlarga ishkomlar, kichik issiqxonalar ham qurib berilmoqda. Andijon viloyati tadbirkorlari tomonidan kasanachilik mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Bu orqali aholini hunarga o‘rgatib, ishsizlikning oldini olish maqsad qilingan. Bu tizim Kegeyli tumanidagi barcha mahallalarda yo‘lga qo‘yiladi.

Hududning ekologik holatini yaxshilash maqsadida hozirda faollar tomonidan 200 ming tup terak hamda 10 ming tup tut daraxti ko‘chatlari yetkazilib, ko‘cha bo‘ylari, xiyobonlarga o‘tqazilmoqda.

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Kegeyli tumanidagi 16 ta mahallaga biriktirilgan hokim yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari bilan doimiy muloqot o‘tkazmoqda.

Viloyat rahbari yosh mutasaddilar bilan muloqoti davomida ularga ishonch bildirib, doimo qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Shuningdek, ular bilan doimiy aloqada bo‘lish, faoliyatlari davomida mahallalarda yuzaga keladigan muammo hamda takliflarni yo‘llash yuzasidan maxsus bot tashkil etilganligini ma’lum qildi. Bu ishlarni samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdi. Mahallalarda ish boshlagan 16 nafar hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilariga kompyuter jamlamalarini topshirdi.

Hozirda tumandagi 16 ta mahalla fuqarolar yig‘ini Andijon viloyatining shahar va tumanlariga biriktirilgan. Bir so‘z bilan aytganda, Andijon viloyati hokimi boshchiligidagi andijonliklar Kegeyli tumanidagi 73 ming 594 nafar aholi istiqomat qilayotgan har bir ovulni ko‘rkam va obod hududga aylantirishga mahkam bel bog‘lagan.

Shu bilan birga, Andijon viloyati va Kegeyli tumani aholisi o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va birodarlik rishtalari yanada mustahkamlanmoqda. Ayni kunlarda Kegeyli tumanidan kelgan 103 nafar xotin-qizlar viloyatda mehmon bo‘lib turibdi.

Kegeyli tumanidan kelgan ayollar hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida yangi ishga tushirilgan korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishmoqdalar. Dastlab mehmonlar Andijon shahridagi 1000 dan ortiq opa-singillarimiz mehnat qilayotgan “Dinar group” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan tikuvchilik korxonasida bo‘ldilar. Shuningdek, «Bobur XBK» mas’uliyati cheklangan jamiyati qoshidagi 1 ming 500 kishi ish bilan ta’minlangan “Diromm” fabrikasida ishchilarga yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdilar.

Mehmonlar shahar markazidagi Bobur nomli viloyat kutubxonasida bo‘ldilar. Mazkur kutubxona 93 mingdan ortiq nomdagi 876 ming nusxadan ortiq kitob fondiga ega. Muloqot davomida mehmonlarga ma’muriyat tomonidan kitob to‘plamlari sovg‘a qilindi.

Kegeylilik ayollar Andijon shahridagi «Ishga marhamat» monomarkazida kasbiy malakaga ega mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga guvoh bo‘ldilar. Hozirda ushbu maskanda servis va xizmat ko‘rsatish, texnika, qurilish, xorijiy tillar sohalarida 24 ta ixtisoslik yo‘nalishi bo‘yicha 2 smenada o‘qish tashkil etilgan. Bundan tashqari, mehmonlar uchun qator madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazilib, viloyatning diqqatga sazovor joylariga sayohatlar uyushtirilmoqda.                                                   

Elmurod Ermatov tayyorladi

Top