15:04 / 12.03.2022
11746
Antimonopoliya qo‘mitasi aravakashlar bilan bog‘liq shov-shuvga munosabat bildirdi

Bayonotda ta’kidlanishicha, qo‘mita tomonidan aravakashlar faoliyatini tartibga solish va o‘rganish o‘tkazish rejalashtirilmagan.

Antimonopoliya qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek Turobov Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 7 mart kuni bo‘lib o‘tgan sessiyasida so‘zga chiqib, bozorlardagi aravakashlarga ko‘rsatilgan xizmat uchun to‘lovni naqd pulsiz shaklda undirish maqsadida terminal o‘rnatilgan nazorat nuqtalarini tashkil etish, xaridorlarga aravalarni ijaraga berish xizmatini joriy etish, aravakashlarga xizmat haqining soatbay to‘lanadigan tariflarini ishlab chiqishni taklif qilgandi.

U Kun.uz bilan suhbatda mazkur masala kengash sessiyasida ko‘tarilishiga bozorda aravakash bilan nizolashib qolgan bir deputatning so‘rov kiritishi sabab bo‘lganini aytgandi.

Antimonopoliya qo‘mitasining bayonotida Toshkent bozorlaridagi aravakashlar faoliyatini tartibga solish tashabbusi mahalliy deputatlarning biridan chiqqaniga urg‘u berilgan.

“Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining deputatlaridan birining so‘roviga asosan joriy yil 25 fevral kuni Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashining 57-sessiyasida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga Toshkent shahri bozorlaridagi arava xizmatlari va ko‘rsatilgan xizmat uchun xaq olish yuzasidan masalani o‘rganish topshirilgan. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Toshkent shahar xududiy boshqarmasi boshlig‘i J.Turobov mazkur masalani o‘rganib, tasvirlarda ko‘rsatilganidek hisobot bergan.

Bundan tashqari, bozorlarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va ularga qulayliklar yaratish maqsadida bozorlar ma’muriyatlari tomonidan aravalarni ijaraga berish vazifalarini takomillashtirish yuzasidan u o‘z fikrlarini bildirgan”, deyiladi qo‘mita bayonotida.

Qo‘mita respublika bozorlarida savdo faoliyatini tashkil etish va xizmatlar ko‘rsatish Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 avgustdagi 253-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi bozorlarida savdo faoliyatini tashkil etish” qoidalariga muvofiq bozor ma’muriyati tomonidan amalga oshirilishini eslatgan.

“Qo‘mita tomonidan aravakashlar faoliyatini tartibga solish va o‘rganish o‘tkazish rejalashtirilmagan”, deyiladi rasmiy xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Antimonopoliya qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek Turobov quyidagilarni amalga oshirishni taklif etgandi:

  • “Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi” DUK bilan birgalikda aholiga bozorlarda arava xizmatlaridan foydalanishda qulayliklar yaratish maqsadida bozor hududida aravalarni nazorat qilish nuqtalarini tashkil qilish hamda ularni to‘lov terminallari bilan jihozlash;
  • arava xizmati uchun to‘lovlarni naqd yoki naqdsiz ko‘rinishda amalga oshirish imkoniyatini yaratish;
  • bozorlar hududida xuddi supermarket va yirik savdo majmualarida bo‘lgani singari xaridorlarning o‘zlari foydalanishi uchun aravalarni ijaraga berishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ijaraga beriladigan aravalarni joylashtirishning texnik va moliyaviy tomonlarini ko‘rib chiqish;
  • arava xizmati tariflarini soatbay ishlab chiqish;
  • arava xizmati ko‘rsatilayotgan har bir fuqaro berilgan maxsus raqamlar orqali to‘lovlarni amalga oshirishini yo‘lga qo‘yish.

Jo‘rabek Turobov Kun.uz bilan suhbatda bu masala deputatlik so‘rovi ortidan sessiya kun tartibiga kiritilganini ta’kidlagandi.

Uning takliflari, umuman, Toshkent shahar kengashi deputatining aravakashlar faoliyati bo‘yicha yuborgan deputatlik so‘rovi ijtimoiy tarmoqlarda keskin tanqidlarga uchradi. Internet faollari va blogerlar yechimini kutayotgan qator masalalar ko‘tarilganda lom-mim demaydigan mas’ullarni bozorlardagi aravakashlar faoliyatini tartibga solish haqida jonbozlik ko‘rsatish o‘rniga ularning muammolarni hal etish haqida bosh qotirishga chaqirishgan.

Top