07:52 / 12.03.2022
2333
O‘rmon kodeksi loyihasi e’lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasining O‘rmon kodeksi loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Kodeks loyihasini qabul qilishdan maqsad - o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilikni tizimlashtirish, sohadagi qonun va qonunosti hujjatlari normalarini yagona kodeksga birlashtirgan holda to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi qonunni qabul qilish, o‘rmonchilik sohasidagi faoliyatni yanada kafolatlash, o‘rmonchilikni yanada rivojlantirish hamda sohada yuzaga kelayotgan muammolarni yechish.

Kodeks loyihasida respublikada o‘rmon xo‘jaligi salohiyatini oshirish, o‘rmonlarni saqlash, barpo etish va rejali boshqarish orqali ekologik foyda ko‘rish, shuningdek, ularning mamlakat rivojlanishidagi ulushini oshirish bo‘yicha qoidalar nazarda tutilmoqda.

Kodeks loyihasi 16 ta bob va 88 ta moddadan iborat. Loyihada:

  • o‘rmon sohasiga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish va qonunchilikni takomillashtirish choralarini ko‘rish;
  • respublika hududidagi barcha o‘rmon fondi yer maydonlarini davlat xatlovidan va ro‘yxatdan o‘tkazish, o‘rmon tuzish ishlari haqidagi yagona elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish;
  • mavjud o‘rmonlarni muhofaza qilish va qayta tiklash hamda ihotazorlar va o‘rmon plantatsiyalarini barpo etish;
  • o‘rmon fondi yerlarini yuridik va jismoniy shaxslarga ijaraga berish tizimini joriy qilish orqali iqtisodiy foyda olish amaliyotini yo‘lga qo‘yish;
  • dorivor o‘simliklarni yig‘ishda samaradorlikni oshirish, tabiiy o‘simliklar urug‘idan foydalanish hamda xomashyoni yig‘ish, quritish, saqlash va qadoqlash jarayonlarini takomillashtirish;
  • soha tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘rmon xo‘jaliklari texnika parkini modernizatsiya qilish, ilmiy tadqiqotlar olib borishda foydalaniladigan laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlash, o‘rmonchilar uyi va kuzatuv minoralarini qurish;
  • o‘rmonchilik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish choralarini ko‘rish;
  • sohaga investitsiyalarni jalb qilish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish, xalqaro moliya institutlari mablag‘larini o‘zlashtirish mexanizmlarini takomillashtirish;
  • o‘rmonlarni saqlash, qayta tiklash va ko‘paytirish bo‘yicha jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;
  • o‘rmon fondi yerlarida ekoturizmni rivojlantirish, yog‘och, dorivor va boshqa turdagi import o‘rnini bosuvchi, eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish ishlarini keng yo‘lga qo‘yishni takomillashtirishga qaratilgan normalar nazarda tutilgan.
Top