19:27 / 12.03.2022
13054

Samarqandda agrofirmaga tegishli yerni 100 ming dollarga sotayotgan shaxslar ushlandi

Ular agrofirmalardan biriga qarashli, Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasining balansida bo‘lgan yerni sotmoqchi bo‘lib, kelishilgan puldan 80 ming dollarni olayotganda ushlangan.

Foto: Videodan kadr

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, Urgut tumanida yashovchi 1983 yilda tug‘ilgan U.N. viloyat IIBga ariza bilan murojaat qilib, 3 gektar yerni 100 ming dollarga sotishini aytib, 80 ming dollar talab qilib kelayotgan shaxslarga chora ko‘rishni so‘ragan.

Uning arizasiga ko‘ra, Urgut tumani Qoratepa mahallasida yashovchi G‘.I. va U.S. Urgut tuman «Qoratepa» MFYda joylashgan 3 gektar yerni 100 ming dollarga sotishini aytib, kelgusida tuman hokimligida bo‘lgan tanishlari orqali U.N.ning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilishgan. So‘ng oldindan 80 ming dollar berishini talab qilishgan.

2022 yil 23 fevral kuni Samarqand viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda DXX Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida G‘.I. va U.S. ariza muallifidan 80 dollar olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

O‘tkazilgan tergovga qadar tekshirish harakatlari davomida noqonuniy sotilgan yer maydoni Urgut tumanidagi agrofirmalardan birining 60-konturi hududi hisoblanib, ushbu yer maydoni tuman hokimining 2020 yildagi qaroriga asosan Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasining balansida ekanligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyat IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Urgut tumanida 65 ming dollarga yer sotayotgan fermer xo‘jaligi rahbari ushlangandi.

Mavzuga oid
Top