07:45 / 12.03.2022
5489

Toshkentda Eronning ShHTga kirishi tartibi kelishib olindi

2022 yil 11 mart kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar va Eron vakolatli vakillarining maslahatlashuvlari yakunlari bo‘yicha protokolni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Foto: TIV axborot xizmati

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, hujjatda Eron tomonining ShHTga a’zo davlat maqomini olish bo‘yicha majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum loyihasi ma’qullandi.

Bildirilishicha, protokolning imzolanishi o‘tgan yili ShHTning Dushanbe sammitida sakkiz davlat rahbarlarining Eronni tashkilotga a’zolikka qabul qilish tartibini boshlash to‘g‘risidagi qarorini ro‘yobga chiqarish yo‘lida muhim amaliy qadam bo‘ldi.

Hujjat Eron tomoni a’zo bo‘lganidan keyin ShHT xartiyasi, xalqaro shartnomalar va tashkilot doirasida qabul qilingan hujjatlarning maqsad va tamoyillariga rioya qilish, a’zo davlatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish hamda ShHTning xalqaro va mintaqaviy masalalardagi nufuzini oshirishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyorligidan dalolat beradi.

Mazkur jarayonning navbatdagi bosqichi joriy yil sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan ShHT sammiti doirasida Majburiyatlar to‘g‘risidagi memorandumni imzolash va ushbu majburiyatlarni bajarish bo‘ladi. Shundan so‘ng tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari Eronga ShHTga a’zo davlat maqomini berish masalasini ko‘rib chiqadi.

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vladimir Norov o‘z nutqida Eron 2005 yildan buyon kuzatuvchi davlat sifatida ShHT faoliyatida ishtirok etib kelayotganiga e’tibor qaratdi. Mamlakat mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha asosiy organlar yig‘ilishlarida va maslahatlashuvlarda muntazam ishtirok etadi. Xususan, Eron vakolatli tuzilmalari ShHTning mintaqaviy aksilterror tuzilmasi bilan amaliy aloqalarni o‘rnatgan va olib bormoqda.

«Eron kabi davlatning ShHTga kirishi tashkilotning «geografik mas’uliyat» hududini kengaytiradi, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochadi. Tashkilotimiz Yevrosiyo makonida keng transkontinental hamkorlik sari ishonch bilan bormoqda. Bu, shubhasiz, mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb masalalarga yangicha qarash imkonini beradi», — dedi V.Norov.

Mavzuga oid
Top