17:07 / 14.03.2022
2289
2021 yilda Ombudsmanga murojaat qilgan 59 nafar mahkumga nisbatan tayinlangan jazo yengilrog‘iga almashtirilgan

O‘tgan yili Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga 18738 ta murojaat kelib tushgan. Jumladan, Ombudsmanga murojaati ortidan 59 nafar mahkumga nisbatan tayinlangan jazo yengilrog‘iga almashtirilgan, 6 ta holatda esa jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga 2021 yil davomida 18738 ta murojaat kelib tushgan. Idora matbuot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, murojaatlarning 16559 tasi fuqarolardan, 2120 tasi tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalaridan, 59 tasi esa xorijiy davlatlardan yuborilgan.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan yili mahkum va mahbuslar, shu bilan birga ularning yaqin qarindoshlaridan 6 104 ta ariza hamda shikoyat kelib tushgan. 

“Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida surishtiruv va dastlabki tergov harakatlari jarayonida 32 ta qaror barvaqt qabul qilinganligi aniqlanib, ushbu qarorlar bekor qilindi.

Ombudsman murojaatiga asosan, 6 ta holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 16 ta holatda aybdor xodimlarning xatti-harakatlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi.

59 nafar mahkumga nisbatan tayinlangan jazolar qonunchilikka muvofiq yengilrog‘iga almashtirildi. 2 nafar ayblanuvchining ehtiyot chorasi yengilrog‘iga o‘zgartirildi. 11 nafar mahkumning oila a’zolariga turli xil ko‘maklar ko‘rsatilgan. 13 nafar mahkum istisno tariqasida yashash joyiga yaqin bo‘lgan hududdagi jazoni ijro etish koloniyasiga ko‘chirildi”, deya Ombudsman matbuot kotibi Fotima Madrahimovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bundan tashqari, 2021 yili qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish maqsadida177 ta monitoring tashriflari tashkil etilgan. Shundan 91 tasi jazoni ijro etish muassasalarida, 36 tasi tergov hibsxonalarida, 12 tasi Vaqtincha saqlash hibsxonalarida, 7 tasi Maxsus qabulxonalarda, 5 tasi Reabilitatsiya qilish markazlarida o‘tkazilgan.

Shuningdek, o‘tgan yili 2020 yilda monitoring o‘tkazilmagan obektlar, jumladan, Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar binolaridagi vaqtincha ushlab turish joylari, Majburiy davolash muassasalaridagi holatlar o‘rganilgan.

Monitoring tashriflari davomidagi jamoaviy uchrashuvlarda 4,5 mingdan ortiq shaxs qatnashgan bo‘lsa, 758 kishi Ombudsman bilan yakka tartibda suhbatlashish istagini bildirgan. 

Top