20:09 / 14.03.2022
12210

Allamjonov avtomaktablarni bitirgan 2406 kishidan 2059 nafari imtihonlardan o‘ta olmaganini ma’lum qildi

Komil Allamjonovning bildirishicha, imtihonlardan o‘tish uchun xodimlarga 100 dollardan 500 dollargacha pora bermoqchi bo‘lganlar ham uchragan.

Foto: Milliy mass-media fondi

Joriy yilning 4 fevralidan to bugunga qadar Toshkent imtihon markaziga avtomaktablarni tugatib 2406 nafar odam kelgan. Bu haqda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shundan 347 nafarigina imtihonlardan o‘ta olgan, qolgan 2059 nafari o‘ta olmagan. 

«Hatto kompyuterda ishlashni bilmaydiganlar ham kelyapti. Juda ko‘pchilik masalani oson yo‘lini qidiryapti (o‘rganib qolganda). Yana bu vaqtinchalik, ertaga yopilib ketadi bular degan gaplarni ham eshityapmiz», deya fikr bildirgan Komil Allamjonov o‘z Telegram kanalida.  

Allamjonovning bildirishicha, xodimlarga 100 dollardan 500 dollargacha pora bermoqchi bo‘lganlar ham uchragan.

«100 dollardan 500 dollargacha xodimlarimizga pora bermoqchi bo‘lganlar qancha. Avval shunday bo‘lgan. Endi korrupsiyaning (millionlar - dollarlarda) miqdorini tassavur qiling.

Markaz atrofida izg‘ib yurib, o‘tgan ketgandan imtihonni hal qilib berishni so‘rayotganlar qancha. Endi savol!? Nahotki o‘qib kelish shunchalik qiyin? Nahotki faqat pul bilan hal qilish kerak imtihonni? O‘qisangiz ertaga o‘zingizga yaxshi-ku. Mashinada ertaga ota-onangiz, farzandlaringizni olib yurasiz. Rulda bilimli odam bo‘lgani yaxshimi yoki qoidalarni bilmaydigan odam? Bu faqat foyda-ku. Biz hatto imtihonga tayyorlovchi ekspress kurslarni ham ochdik. Xohlasangiz shu yerda o‘qing. Baribir odam aralasha olmaydi imtihonga, shunga ishoning», deb yozadi u.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekistonda 10 mingdan ortiq yo‘l-transport hodisasi rasman qayd etilgan, ularda 2 426 kishi halok bo‘lgan. Bu kuniga 6 nafar inson YTH sabab vafot etayotganini ko‘rsatadi.

Davlat rahbari tomonidan haydovchilik guvohnomalarining olinishidagi korrupsion holatlarni keskin qisqartirish, buning uchun tizimni to‘liq raqamlashtirish vazifasi topshirildi.

Shundan so‘ng poytaxtning Yangihayot tumanida haydovchilik guvohnomasini olish bo‘yicha korrupsiyadan xoli, inson omilisiz, elektron tarzda nazariy va amaliy imtihonlar o‘tkazadigan O‘zbekistondagi ilk avtomatlashtirilgan kompleks ish boshlagandi.

Toshkent imtihon markazi bo‘lg‘usi haydovchilar uchun imtihonlarga tayyorlovchi maxsus ekspress-kurslarni ham yo‘lga qo‘ygan.

Top