16:05 / 14.03.2022
7484
Surxondaryoda qalbaki kvitansiya bilan fuqaroning pulini o‘zlashtirgan bank xodimiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

U fuqaroga qalbaki kvitansiya berib, jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan zararni to‘lash uchun topshirgan pulidan 30 million so‘mni o‘zlashtirgani aniqlangan.

Foto: Prokuratura departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning xabar berishicha, departamentning Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Tekshiruvda, “Mikrokreditbank” ATB Qumqo‘rg‘on filiali sobiq xodimi Sh.A. “S.M.” MChJ rahbari M. tomonidan jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan zararni qoplash uchun topshirilgan 86,7 million so‘mning 56,7 million so‘mini kirim qilib, qolgan 30 million so‘mni tadbirkorga qalbaki kvitansiya taqdim etib, o‘zlashtirib yuborgani ma’lum bo‘lgan.

Bundan tashqari, fuqaro B.ning nomiga imtiyozli kredit ajratishga erishib, 24,5 million so‘m kredit mablag‘ini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top