18:39 / 14.03.2022
3526
Taxtiqoracha dovonida transport vositalari harakatiga ruxsat berildi

Kuchli yomg‘ir tufayli yo‘lning bir qismi o‘pirilishi oqibatida dovon vaqtincha yopilgandi.

Foto: FVV matbuot xizmati

2022 yil 13 mart kuni Taxtiqoracha dovonida kuchli yomg‘ir tufayli M-39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining mazkur dovondan o‘tgan 1138-1141-kilometrida qisman o‘pirilish yuzaga kelgan, oqibatda transport vositalarining harakati vaqtincha cheklangandi.

IIV YHXBB axborot xizmatining xabar berishicha, dovon yo‘lida yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etilib, harakat qatnashchilarining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rilgan. Ayni vaqtlarda dovon yo‘lida transport vositalarining harakatlanishi uchun ruxsat berilgan.

«Haydovchilardan qoidalarga rioya qilgan holda, ehtiyotkorlik bilan harakatlanishlarini so‘raymiz», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 12 mart kuni kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida Qamchiq dovonidan o‘tgan avtomobil yo‘li ko‘chki xavfi tufayli yopilib, o‘sha kuni qayta ochilgandi.

Top