21:20 / 15.03.2022
40128

Haydovchilik guvohnomasini almashtirishda turnaqator navbatlar. Bunga sabab nima?

Ayni kunlarda Davlat xizmatlari markazlarida eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish jarayonida uzun navbatlar hosil bo‘lmoqda. Kun.uz muxbiri Chilonzor tumani davlat xizmatlari markazida bo‘ldi.

Odatda DXMlarda ish vaqti 9:00dan 18:00gacha bo‘lsa-da, shu kunlarda markazlar “so‘nggi mijozgacha” rejimida ishlamoqda, ya’ni haydovchilik guvohnomalari yarim kechasi ham almashtirib berilayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Shunga qaramay, kechqurun ham uzun navbat shakllangan.

Ertalab soat 7da kelib navbat olganmiz. Orada 2-3 marta ishlarimizni ham bitirib keldik. Haliyam navbatimiz kelmadi. Navbatim 219, hozir 192ga keldi. Xodimlar yaxshi ishlashyapti, lekin shuncha odam kutib o‘tiribdi. Bu uzun navbatning sababini bilmadim-u, lekin bu yerda bitta xodim xizmat ko‘rsatyapti. Shuni ko‘paytirishni taklif qilardim”, – deydi navbat kutayotganlardan biri.

Haydovchilik guvohnomamni 2008 yilda olgandim. Muddati kelib qolgandi. Navbatimiz hozir keldi. Xodimlarga rahmat, soat 23:00ga yaqinlashsa ham ishlab o‘tirishibdi”, – deydi haydovchilardan yana biri.

Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahri boshqarmasi bosh maslahatchisi Jaloliddin Xolmurodov markazlarda bunday uzun navbatlar shakllanishi sabablariga to‘xtaldi.

Hozirda bitta tuman davlat xizmatlari markazida kuniga 250-300 dona haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirishga muvaffaq bo‘lyapmiz.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan 2010 yilgacha olingan haydovchilik guvohnomalarini 2022 yil 31 martiga qadar, 2010 yildan 2012 yillarda olinganlarini 2022 yil 30 iyunga qadar, 2013 yildan 2015 yilgacha olinganlarini 2022 yil 30 sentyabrga qadar, 2015 yildan keyin olinganlarini 2022 yil 31 dekabrga qadar yangisiga almashtirish lozim.

Bunda fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida markazlarda “so‘nggi mijozgacha” ish rejimi o‘rnatilgan. Ya’ni kunduzi navbat olgan fuqarolarga navbat tugaguncha yarim tun bo‘lib ketsa ham xizmat ko‘rsatiladi.

Navbat uzunligi sababli fuqarolardan e’tirozlar kelib tushyapti.

Vazirlar Mahkamasi qarorida 2010 yilgacha olingan haydovchilik guvohnomalarini 2022 yil 31 martiga qadar yangisiga almashtirish belgilangan bo‘lsa-da, fuqarolarimizda “31 martgacha almashtirmasam, guvohnomani almashtirishda qayta imtihon topshirar ekanman” degan noto‘g‘ri tushuncha paydo bo‘lgan. Bu esa markazlarimizda navbat oshib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Vaholanki, 2012 yoki 2013 yillarda olingan haydovchilik guvohnomalarini almashtirishga fuqarolarda hali muddatlari bor”, – deydi Jaloliddin Xolmurodov.

Jaloliddin Xolmurodov

Bugun, 15 mart kuni haydovchilik guvohnomasini almashtirish mavzusida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Davlat xizmatlari agentligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Adham Baratov ham markazlardagi uzun navbatlar masalasida fikr bildirdi.

U navbatlar uzun bo‘layotganini muddat kam qolganidan so‘ng murojaatlarning oshib ketgani bilan izohladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, haydovchilik guvohnomasini almashtirishda vakolatli organ Ichki ishlar vazirligi hisoblanib, DXMlar bu jarayonni tezlashtirishga yordam berish maqsadida haydovchilik guvohnomasini almashtirib berish bilan shug‘ullanmoqda. Bunda markazlarning imkoniyati vazirlik yetkazib bergan 25ta qurilma doirasida cheklanib qolgan.

“Ichki ishlar vazirligi bu xizmatni ko‘rsatishni ta’minlashi maqsadida kerakli moddiy-texnik baza bilan shakllantirilgan. Agar vazirlik bizga tegishli moddiy-texnik baza bilan boshqa tumanlarimizni ham ta’minlab bersa, bizda xizmatlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin.

Faqat buning boshqa tarafini ham inobatga olish kerak. Bu qurilma juda qimmat turadi. 5 millionga yaqin haydovchilik guvohnomasini almashtirish kerak bo‘lsa, eshitimim bo‘yicha qurilmalar shu miqdordan kelib chiqib xarid qilingan. Agarda hozir bu qurilmalar har bir tuman uchun sotib olinadigan bo‘lsa, 5 mlnga yaqin haydovchilik guvohnomasi almashtirib bo‘linganidan keyin joylarda bu qurilmalar samarasiz bo‘lib qolishi mumkin. Balki shu nuqtayi nazardan qurilmalar ko‘p miqdorda xarid qilinmayotgandir”, – deydi Adham Baratov.

Ma’lumot uchun, 2021 yil noyabridagi qaror bilan haydovchilik guvohnomasini almashtirishning oxirgi muddati (2021 yil 31 dekabr) yana uzaytirilib, 4 bosqichli yangi muddatlar belgilangan.

Shuningdek, DXA haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirishda imtihon topshirilmasligini ma’lum qilgan.

Top