18:01 / 15.03.2022
3614
Samarqandda 50 sotix yerni 60 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Mazkur yer MChJlardan biriga Xitoy texnologiyasi asosida issiqxona qurish uchun berilgan. MChJ rahbari va uning sherigi yerni sotmoqchi bo‘lgan.

Foto: Prokuratura departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning xabar berishicha, departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan DXX Oqdaryo tumani bo‘limi bilan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tezkor tadbirda, fuqaro X.R. “B.T.” MChJ ta’sischisi F.X. bilan oldindan til biriktirib, MChJga Samarqand shahri, Qorasuv massividan Xitoy texnologiyasi asosida issiqxona qurish uchun ajratilgan 50 sotix sug‘oriladigan yer maydonidan belgilangan maqsadlarda foydalanmasdan, uni fuqaro A.ga 60 ming dollarga sotishga kelishib, shundan 20 000 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 229-6-moddasi (sug‘oriladigan yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga bo‘lgan huquqni sotish yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda o‘zga shaxsga berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Samarqand viloyati Urgut tumanida agrofirmalardan biriga tegishli bo‘lgan 3 gektar yerni 100 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olingandi.

Mavzuga oid
Top